Yuksalayotgan Samarqand
Tashrifdan tashrifgacha
Davlatimiz rahbarining hududlarga amalga oshiradigan tashriflari joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish va kelgusi rejalarni belgilab olish, xalq bilan muloqot qilish, odamlarni qiynab kelayotgan muammolarga yechim topishning qulay platformasiga aylangan.
Jumladan, Prezidentimizning Samarqandga har bir tashrifi ham viloyat hayotida yangi sahifa ochib, ulkan bunyodkorlik ishlariga asos bo‘ladi, islohotlarni izchil amalga oshirishga katta turtki beradi. Bu o‘rinda 2023 yil avgust oyidagi tashrif chog‘ida berilgan topshiriqlar hamda o‘tgan davr mobaynida davlatimiz rahbarining bir qator xalqaro forumlar va oliy darajadagi uchrashuvlar munosabati bilan Samarqandda bo‘lib, hududni har tomonlama rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish yuzasidan belgilab bergan vazifalarining ijrosi natijasida viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida ko‘zga ko‘rinarli natijalarga erishildi.
Bu haqda gapirganda joriy yil 9 oyi yakuni bilan viloyatning yalpi hududiy mahsuloti hajmi 87,5 trillion so‘mni yoki o‘sish sur’ati 107,7 foizni tashkil etganini alohida qayd etish lozim. Bunda sanoat hajmi 7,8 foizga, qishloq xo‘jaligi 3,9 foizga, xizmatlar hajmi 14,1 foizga va qurilish hajmi 22 foizga o‘sishi ta’minlandi.
Bugungi islohotlarning asosiy mazmuni ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish bo‘lib, o‘tgan 9 oyda 294,7 ming ishsiz aholining bandligi ta’minlandi. Natijada ishsizlik darajasi yil boshidagi 5,4 foizdan 4,8 foizga qisqardi.
Mamlakatimiz miqyosida ulkan harakatga aylangan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida bu yil viloyatda 36,7 ming oilani kambag‘allikdan chiqarib, kambag‘allik darajasini 7,5 foizdan 4,0 foizga tushirish kutilmoqda. Buning uchun reyestrga kiritilgan kambag‘al oilalarning har biri bo‘yicha “individual reja” ishlab chiqilib, 1086 ta tashkilot rahbar va o‘rinbosarlariga biriktirildi. Ular ko‘magida 65,9 ming oilaga barqaror bandlik xizmatlari ko‘rsatildi. Natijada 36,7 ming nafar oila kambag‘allikdan chiqarilib, kambag‘allik darajasi 4,8 foizga tushirildi.
Iqtisodiyotning turli sohalarida amalga oshirilayotgan 104 ta loyiha hisobiga 1,1 milliard dollar (78,5 foiz) to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Shuningdek, qiymati 613 million dollarlik 18 ta yirik va ahamiyatli loyiha amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda ushbu loyihalarning 297 million dollarlik 8 tasi ishga tushirilib, 705 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Masalan, Samarqand shahrida “Azia Metall Prof” korxonasida qiymati 220 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi maishiy texnika va avtomashinalar uchun tunuka list, rux va polimer qoplamali tunuka ishlab chiqarish, Samarqand tumanida “Intramed” MCHJ tomonidan qiymati 12 million dollarlik tibbiy markaz tashkil etish, Oqdaryoda “Alkan finans investments” MCHJning qiymati 7 million dollarlik parfyumeriya va kosmetika mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirildi.
[gallery-26408]
Joriy yilda viloyatning eksport hajmini 1,0 milliard dollarga yetkazish belgilangan bo‘lib, yilning uch choragida 713,8 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Eksport hajmi o‘tgan yilga nisbatan 30 foizga oshdi.
Keyingi yillarda viloyatning asosiy drayveriga aylangan turizmni rivojlantirish borasidagi chora-tadbirlar natijasida Samarqandga kelayotgan sayyohlar soni oshib bormoqda. 9 oy davomida 2,6 million nafar xorijiy, 5,1 million nafar mahalliy sayyoh tashrif buyurib, ularning soni o‘tgan yilga nisbatan qariyb ikki barobar oshdi. Turizm xizmatlari eksporti 538,2 million dollarga yetib, 79 foizga oshdi. Turistlarni keng jalb etish maqsadida joriy yilning o‘zida 40 ga yaqin madaniy ko‘ngilochar tadbirlar va festivallar o‘tkazildi. Turizm salohiyati yuqori bo‘lgan Urgutdagi Tersak va Omonqo‘ton, Nurobod tumanidagi Oqsoy mahallalariga turizm qishlog‘i maqomi berildi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Imom Buxoriy majmuasi buyuk muhaddis bobomizning islom olamida tutgan yuksak mavqei, ulkan salohiyatiga munosib tarzda qaytadan bunyod etildi. Ziyoratchilarga har tomonlama qulay sharoit yaratildi.
Shavkat Mirziyoyev har gal Samarqandga kelganida majmua qurilishi jarayoni bilan tanishib, bu joy faqat ziyorat emas, ilm-ma’rifat, tarbiya va ibrat maskani bo‘lishi kerakligini, Imom Buxoriyning buyuk izlanishlari, bilimi va kamoloti ziyoratchilar, ayniqsa, yoshlar uchun ezgu namuna bo‘lishi kerakligini ta’kidlagandi. Shu maqsadda yangi majmuada innovatsion muzey ham tashkil etildi. Ziyoratgoh atrofida to‘rtta to‘rt yulduzli, ikkita uch yulduzli va 22 ta oilaviy uy mehmonxonalari tashkil etildi.
Albatta, islohotlardan maqsad aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratishdir. Davlatimiz rahbari bu masalaga doimo ustuvor ahamiyat qaratadi. Xususan, Samarqand shahrini millionli shaharga aylantirish, shahar atrofida yangi turarjoy massivlari bunyod etish borasidagi taqdimotlar chog‘ida belgilab berilgan vazifalar asosida joriy yilda 12500 xonadonli 181 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirilmoqda. Renovatsiya dasturi asosida Samarqand shahri temiryo‘l orti hududidagi 16 ming nafar aholi yashaydigan 301 gektar yer maydonida 100 ming aholiga mo‘ljallangan shaharcha barpo etish boshlandi. Kelgusida ushbu hududning arxitekturaviy qiyofasi zamonaviy ko‘rinishga kelishi bilan birga, aholi uchun 4 ta xiyobon, 8 ta tibbiyot muassasasi, 32 ta bog‘cha va 5 ta maktab quriladi.
Shirin massividagi 665 gektar hududda esa 180 ming aholiga mo‘ljallangan 250 dan ziyod ko‘p qavatli uy-joylar, 40 ortiq ijtimoiy soha ob’ekti, 25 dan ortiq mehmonxona, ishbilarmonlik va biznes markazlari, sport majmualari quriladi. Birinchi bosqichda 100 gektarda qurilish ishlari boshlanadi.
Bu yil davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Samarqand - Urgut” yo‘nalishida 55 kilometr masofada yangi temiryo‘l tarmog‘i hamda 2 ta vokzal qurildi. Mazkur temiryo‘lda 1 dekabrdan poyezd harakati yo‘lga qo‘yiladi, 2026 yilda temir yo‘l liniyasi elektrlashtirilishi hisobiga aholiga xizmat ko‘rsatish boshlanadi.
Samarqand shahrida ko‘prik va tunnellarni qurish loyihasi doirasida jami 84,2 million dollar mablag‘ evaziga Gagarin va Rudakiy ko‘chalari kesishmasida qurilayotgan tunnel yil yakunigacha ishga tushuriladi. Gagarin ko‘chasini M-37 avtomobil yo‘li bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lash uchun temiryo‘l ustida hamda Siyob kanali ustida ko‘priklar qurilishiga kirishildi.
Davlatimiz rahbarining avvalgi yillardagi tashrifi chog‘ida Bulung‘ur tumani markaziga eltuvchi asosiy avtomobil yo‘li temiryo‘l bilan kesishgani sababli poyezdlar qatnovi paytida ushbu yo‘lda uzoq vaqt tirbandlik yuzaga kelib, bu ko‘plab noqulayliklarni keltirib chiqarayotgani aytilgandi. Bir necha o‘n yillar davomida yechim topilmagan masala nihoyat joriy yilda hal etildi. Keyingi ikki yil davomida temiryo‘l ostidan tunnel o‘tkazilib, avtrotransport vositalarining doimiy harakatlanishi uchun imkoniyat yaratildi. 2026 yilda Jomboy tumanida ham shunday tunnel qurish rejalashtirilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning bu galgi tashrifidan ham Samarqand va samarqandliklar uchun katta o‘zgarishlar, yangilanishlar kutilmoqda va bu pirovardida viloyatning har tomonlama rivojlanishi, yanada obod bo‘lishiga xizmat qiladi.
G‘olib HASANOV, Alisher ISROILOV (surat), O‘zA muxbirlari