“Yoshlik bahori” iqtidorli ijodkor yoshlar forumi o‘tkazilmoqda
Joriy yilning 1-4-aprel kunlari Toshkent shahrida ilk marotaba “Yoshlik bahori” iqtidorli ijodkor yoshlar forumi tashkil etilmoqda.
Madaniyat vazirligi tomonidan 4 kun davom etadigan mazkur forumda yurtimizdagi madaniyat va san’at sohasida ta’lim va faoliyat olib borayotgan 14 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan 600 nafardan ortiq iqtidorli ijodkor yoshlar jalb etilmoqda.

Mazkur forum doirasida yoshlar uchun manfaatli bo‘lgan bir qator tadbirlar o‘tkaziladi. Amir Temur hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan qo‘shiqlar tanlovi, “Xush kayfiyat” respublika yosh askiya va qiziqchilar ko‘rik-tanlovi, “Yoshlik bahori” respublika yosh opera ijrochilari festivali, “Folk party” folklor jamoalari respublika festivali, “Yosh balet ijrochilari” respublika tanlovi, yosh teatr rejissyorlari va aktyorlarining seminar-treningi shular jumlasidandir.

Shuningdek, yoshlar o‘rtasida do‘stona muhit yaratish, ularning muammolariga yechim topish, takliflarini qo‘llab-quvvatlashga oid ochiq muloqot va uchrashuvlar, “Yosh ommaviy bayramlar rejissyorlarining mahoratini oshirish va ularning faoliyatiga ko‘maklashish” mavzusidagi seminar-trening, forum yo‘nalishlari doirasida ko‘p yillik tajribaga ega ustozlar tomonidan amaliy mashg‘ulotlar va mahorat darslari, taniqli shaxslar ishtirokida motivatsion sessiyalar, “Yangi O‘zbekistonda ijodkor yoshlarni qo‘llab-quvvatlashning ijtimoiy-madaniy omillari” mavzusidagi ilmiy-amaliy anjuman, “Sumalak sayli”, yakuniy gala-konsert va taqdirlash marosimi kabi tadbirlar rejalashtirilgan.
Forumning ilk kunida OAV vakillari uchun matbuot anjumani, ochilish marosimi, taniqli opera ijrochisi, O‘zbekiston xalq artisti Ramiz Usmonov bilan xorijda o‘zbek madaniyatini targ‘ib qilish yuzasidan ochiq muloqot “Ijodkor yoshlar imiji” mavzusida seminar-treninglar belgilangan.
Bugungi tadbirlar yakunida, ishtirok etgan yoshlarga “Mutolaa” va “Ibrat farzandlari” ilovasining 1 yillik “Premium” paketi sovg‘a qilinadi.
N.Usmonova,
O‘zA