Yoshlarni zamonaviy kasbga ega bo‘lishini ta’minlaydigan “Kelajak bilimlari ekotizimi” yo‘lga qo‘yiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.
— Bugungi kunning muvaffaqiyat formulasi, ertangi taraqqiyotning mustahkam zamini uchta eng muhim ustunga tayanadi. Bu – bilim, kasb va texnologiya! Mening niyatim – har bir yigit-qiz ana shunday imkoniyatga ega bo‘lib, hayotda munosib o‘rnini topsin, – dedi Prezidentimiz.
Shuning uchun har yili 500 ming o‘g‘il-qizni zamonaviy kasbga ega bo‘lishini ta’minlaydigan “Kelajak bilimlari ekotizimi” yo‘lga qo‘yiladi.
Hududlarimizda “O‘quv markazi qurib, yoshlarga kasb va til o‘rgataman” degan o‘g‘il-qizlar ko‘payib bormoqda. Endilikda bu maqsadlar uchun yer va davlat ob’ektlari imtiyozli narxda auksionga chiqariladi. Yoshlar to‘lovni besh yilda foizsiz bo‘lib to‘laydi. Infratuzilmaga zarurat bo‘lsa, davlat qilib beradi.
O‘quv markazini qurish va jihozlash uchun kredit stavkasining 7 foizi kompensatsiya qilinadi.
Yoshlar o‘quv markazlariga xorijiy ilg‘or o‘quv dasturlari va o‘qituvchilarni olib kelsa, davlat ushbu xarajatning yarmini qoplashga ham tayyor.
O‘zA