Yoshlar yetakchiligi — Vatanparvar avlod tarbiyasining muhim tayanchi
Bugun mamlakatimizda yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, bilim va salohiyatini yuksaltirish, ayniqsa, yoshlarda Vatanga muhabbat, milliy g‘urur va faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Davlat rahbari tashabbusi bilan yoshlar bilan ishlash tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar zamirida bir haqiqat mujassam: yoshlar — mamlakatning nafaqat ertangi, balki bugungi taraqqiyotini belgilaydigan kuchdir. Shu bois ular bilan ishlaydigan yetakchilarning bilimi, tashabbuskorligi, mas’uliyati va zamonaviy yondashuvi alohida ahamiyat kasb etadi.
Shu maqsadda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Buxoro viloyati Kengashi hamda Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi qo‘mondonligi hamkorligida kuch tuzilmalaridagi harbiy qism boshlang‘ich tashkilot yetakchilari ishtirokida o‘quv-seminari tashkil etildi.
Seminarda boshlang‘ich tashkilotlar tomonidan shu kunga qadar amalga oshirilgan ishlar chuqur tahlil qilinib, kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar, aniq chora-tadbirlar va maqsadli dasturlar belgilab olindi.
E’tiborlisi, tadbir oddiy hisobot yoki tajriba almashish bilan cheklanmadi. Unda yoshlar bilan ishlashning bugungi talablari, mavjud muammolar va ularning samarali yechimlari ochiq muhokama qilindi.
Zero, harbiy qismdagi yoshlar yetakchisi — faqat tadbir tashkilotchisi emas. U yosh qalbiga Vatan tuyg‘usini singdiradigan, uni ezgu maqsadlar sari yo‘naltiradigan, tashabbusini qo‘llab-quvvatlaydigan va jamoada sog‘lom muhitni shakllantiradigan muhim shaxsdir.
Shu nuqtai nazardan seminarda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda milliy g‘urur, Vatanga sadoqat, burch va mas’uliyat tuyg‘ularini mustahkamlash masalalariga alohida urg‘u berildi.
Ayniqsa, yoshlarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasida boshlang‘ich tashkilot yetakchilarining o‘rni va mas’uliyati keng muhokama qilindi. Chunki bugungi yosh bilan samarali muloqot qilish uchun uning qiziqishi, dunyoqarashi va zamonaviy axborot muhitidagi ehtiyojlarini yaxshi anglash talab etiladi.
Seminar ishtirokchilariga yoshlar bilan ishlashda qo‘llanilayotgan zamonaviy usul va mexanizmlar, tarbiyaviy tadbirlarni ta’sirchan tashkil etish, yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati yuzasidan zarur tushunchalar berildi.
— O‘zbekiston yoshlar ittifoqining yoshlar huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasidagi imkoniyatlari haqida ma’lumotlar taqdim etildi. Huquqbuzarlik sodir etgan yoshlar bilan profilaktik ishlarni tizimli tashkil etish, ularni jamiyatga qayta moslashtirish va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda kafillik institutidan samarali foydalanish masalalariga ham e’tibor qaratildi, — dedi O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Buxoror viloyati Kengashining bo‘lim boshlig‘i Erkin Sharopov.
Seminarning ikkinchi qismi esa amaliy tajriba va muloqot maydoniga aylandi. Boshlang‘ich tashkilot yetakchilari davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida amalga oshirayotgan ishlari bilan o‘rtoqlashdilar. Ilg‘or tajribalar muhokama qilinib, ularni boshqa harbiy qismlarda ham ommalashtirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Bugungi kunda yoshlar qalbida Vatan tuyg‘usini yuksaltirish faqat bayram tadbirlari yoki bir martalik uchrashuvlar bilan emas, balki uzluksiz, tizimli va ta’sirchan tarbiya jarayoni orqali amalga oshirilishi zarur. Bu borada harbiy jamoalardagi yoshlar yetakchilarining faolligi ayniqsa muhim.
Shu ma’noda mazkur o‘quv-seminari boshlang‘ich tashkilot yetakchilari uchun yangi bilim va ko‘nikmalar maydoni bo‘lish bilan birga, o‘z faoliyatiga tanqidiy va tahliliy yondashish, mavjud imkoniyatlarni qayta baholash, yangi tashabbuslarga yo‘l ochish uchun muhim qadam bo‘ldi.
Tadbir yakunida boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini yanada kuchaytirish, yoshlar bilan ishlashda zamonaviy va samarali yondashuvlarni keng joriy etish, davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikni mustahkamlash, harbiy-vatanparvarlik tarbiyasining ta’sirchanligini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Eng muhimi, seminar ishtirokchilarida “har bir yosh — e’tiborda, har bir tashabbus — qo‘llab-quvvatlovda, har bir ezgu maqsad — natijada” tamoyili asosida ishlashga kuchli rag‘bat uyg‘otildi.
Zero, Vatan himoyasiga tayyor, bilimli, ma’naviy barkamol va faol yoshlarni tarbiyalash — bir tashkilotning emas, butun jamiyatning muqaddas vazifasidir. Bu vazifani hayotga tatbiq etishda esa har bir yoshlar yetakchisining shaxsiy namunasi, tashabbusi va fidoyiligi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Bugungi seminar — ertangi ulkan natijalar uchun poydevor. Zero, Vatanga sadoqatli avlod o‘z-o‘zidan shakllanmaydi. Uni tarbiyalaydigan, qo‘llab-quvvatlaydigan va yuksak maqsadlar sari boshlaydigan fidoyi insonlar kerak.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri