Yoshlar va harbiylar uchrashuvi
Andijon davlat tibbiyot institutida “Yoshlar va armiya birdam” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Andijon viloyati jangchi "Veteran" va nogironlar kengashi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamkorligida "Kim Vatanga sodiq bo‘lsa, mendirman o‘sha!” shiori ostida o‘tkazilayotgan tadbirlar doirasida tashkil etilgan davra suhbatida institut professor-o‘qituvchilari, harbiylar, talaba va o‘quvchi yoshlar ishtirok etdi.
– Ushbu tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, eng avvalo, xalqimiz ruhiyatiga bayram shukuhini singdirish, yoshlarni harbiy vatanparvarlik, istiqlol ne’mati va milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga qaratilgan ishlar samaradorligini oshirishdan iborat, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Andijon viloyati kengashi Yoshlar va harbiylar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Baxtiyorjon Norqobilov. – Qolaversa, yoshlarimizning milliy armiya va harbiy kasbga bo‘lgan qiziqishlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan.

Davra suhbatida yoshlar va harbiylar dildan suhbatlashdi. Vatan himoyasi muqaddas va sharafli burch, armiya va yoshlar hamisha birdam, yoshlar Vatan tinchligi va osoyishtaligi uchun mas’ul ekanligi xususida so‘z yuritildi. Xususan, professor-o‘qituvchilar, harbiylar, Qurolli Kuchlar va afg‘on urushi faxriylari mavzu doirasida o‘zlaring fikr va mulohazalarini bildirdi.
Tadbir yakunida harbiylar, institut talabalari hamda Andijon shahridagi 31- umumta’lim maktabi o‘quvchilari tomonidan ko‘rgazmali chiqish va sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
F.UBAYDULLAEV, Z.UMURZOQOV(surat), O‘zA