Yoshlar uchun imkoniyat va qo‘llab-quvvatlash muhiti yaratilmoqda
Qarshi shahridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tasarrufida bo‘lgan 17-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internatda o‘quvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, ta’lim muassasasida fan va sport yo‘nalishlari bilan bir qatorda o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘rgatishga alohida e’tibor qaratilgan. Shu maqsadda turli to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ular orasida qandolatchilik yo‘nalishi ham muhim o‘rin tutmoqda.

Ayni paytda mazkur yo‘nalishda 10 nafarga yaqin o‘quvchi qiz faoliyat yuritib, ular uchun zamonaviy va qulay shart-sharoitlar yaratilgan. Ularning amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida tayyorlanayotgan mahsulotlarni sotish bo‘yicha tadbirkorlar bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilib, mahsulotlarning bozorga chiqarilishi ta’minlangan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu kabi tashabbuslar o‘quvchilarning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularni mustaqil hayotga tayyorlash hamda kelgusida o‘z o‘rnini topishida muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri