Yoshlar muammolari tinglandi
Yoshlarning muammosini eshitish, taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularni amaliy natijaga aylantirish — bugungi kunning muhim vazifalaridan. Xovos tumanida o‘tkazilgan ochiq muloqotda ham yoshlarni qiynayotgan masalalar bilan bir qatorda, ularning yangi g‘oya va loyihalari muhokama qilindi.
Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov yoshlar kuni doirasida Karvonsaroy mahallasida yoshlar bilan uchrashdi. E’tiborli jihati, muloqot odatiy rasmiy yig‘in shaklida emas, ochiq osmon ostida, aholi va yoshlar ishtirokida erkin muhitda tashkil etildi.

Karvonsaroy, Yettiguzar va Xovosobod mahallalari yoshlari, nuroniylar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etgan uchrashuvda murojaatlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri tinglandi. Bandlik, tadbirkorlik, startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, imtiyozli kredit, kadastr, ijtimoiy himoya, sport va madaniyatga oid masalalar o‘rtaga tashlandi.
Muloqotda aytilgan har bir masala bo‘yicha aniq vazifalar belgilanib, mas’ullar biriktirildi. Xususan, Yettiguzar mahallasida yashovchi Sanjarbek Hamdamqulovning paralimpiya yo‘nalishidagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, Ozodbek Qaraboyevni musiqa asboblari bilan ta’minlash bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.


Karvonsaroylik Sarvinoz G‘ofurovaning tashabbusi asosida 12-maktab hududida universal sport maydoni barpo etish va uning startap loyihasini amalga oshirishga ko‘maklashish belgilandi. Ilyosbek Ro‘ziboyev tomonidan taklif etilgan startap loyihasini Yettiguzar, Karvonsaroy va Xovosobod mahallalarida joriy etish imkoniyatlari ham o‘rganiladi.

Yoshlarning bandligini ta’minlash, chorvachilik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lganlarga imtiyozli kredit ajratish, kadastr masalalariga yechim topish, futbol to‘garagini tashkil etish bo‘yicha ham aniq ko‘rsatmalar berildi. Karvonsaroy mahallasida shaxmat bo‘yicha “Viloyat hokimi kubogi” musobaqasini o‘tkazish tashabbusi ham qo‘llab-quvvatlandi.

Uchrashuvda faqat yoshlar emas, aholini qiynayotgan kundalik muammolar ham muhokama markazida bo‘ldi. Karvonsaroy oilaviy poliklinikasini to‘liq ta’mirlash, zarur dori vositalari ta’minotini yaxshilash, chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqishning samarali tizimini yo‘lga qo‘yish, drenaj tarmoqlarini tozalash, piyodalar yo‘laklarini barpo etish va ko‘chalarni yoritish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Muhimi, uchrashuvda ko‘tarilgan masalalar qog‘ozda qolib ketmasligi uchun har bir yo‘nalish bo‘yicha mas’ullar va ijro muddatlari aniq belgilab olindi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri