Yosh muhandislar — kelajak tayanchi
Bugungi kunda mamlakatimizda innovatsion taraqqiyot va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda yoshlarning bilim va salohiyati hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirgan, yangi g‘oya va yechimlar taklif qila oladigan avlodni tarbiyalash esa bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biridir.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilayotgan raqamli iqtisodiyot, innovatsion rivojlanish va yuqori texnologiyalarni keng joriy etish siyosati doirasida yoshlarning muhandislik salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu ustuvor yo‘nalishda “O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan hududlarda “Yosh muhandis” ko‘rik-tanlovi tashkil etilmoqda.
Mazkur tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad — kosmik texnologiyalar, robototexnika va muhandislik sohalariga qiziqishi yuqori bo‘lgan yoshlarni aniqlash, ularning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda innovatsion fikrlashini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Shu maqsadda Toshkent davlat agrar universiteti binosida “Yosh muhandis” respublika tanlovining Toshkent viloyati hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent shahri, Toshkent viloyati, Sirdaryo viloyati hamda Jizzax viloyatidan 100 nafarga yaqin yoshlar ishtirok etishdi.
[gallery-28995]
Mazkur tashabbus yoshlarning ilmiy-texnik salohiyatini yuksaltirish, ularni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish va eng muhimi, mamlakatimizda innovatsion muhitni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
N. Rahmonova, N. Haydarov (surat), O‘zA