Yosh endoskopistlar maktabi yangi avlod kadrlarini tayyorlaydi
Bugun mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish, aholiga yuqori texnologiyali va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar o‘zining amaliy samarasini bermoqda.
Bu borada Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialida amalga oshirilayotgan ishlar alohida e’tiborga loyiq. Filialda kam invaziv endoskopik amaliyotlarni amaliyotga keng joriy etish, shoshilinch holatlarda bemorlarga tezkor va samarali yordam ko‘rsatish bo‘yicha muhim natijalar qo‘lga kiritilmoqda.

Shu ezgu maqsadlar yo‘lida tashkil etilgan “Yosh endoskopistlar maktabi” esa sohadagi eng istiqbolli tashabbuslardan biriga aylandi. Bugungi kunda 11 nafar iqtidorli mutaxassisni birlashtirgan mazkur maktabning bosh maqsadi — zamonaviy endoskopiya sohasida chuqur bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan, murakkab shoshilinch holatlarda mustaqil qaror qabul qila oladigan, yuqori malakali endoskopistlar avlodini shakllantirishdan iborat.
Tibbiyot statistikasi ma’lumotlariga ko‘ra, oshqozon-ichak traktiga yot jismlar tushib qolishi bilan bog‘liq holatlar yil sayin ko‘plab qayd etilmoqda. Ayniqsa, bu kabi holatlar bir yoshdan o‘n yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida tez-tez uchraydi. Bolalarning qiziquvchanligi va ehtiyotsizligi sababli tanga, to‘g‘nag‘ich, nina, ilgak, turli plastmassa va metall buyumlar qizilo‘ngach, oshqozon yoki ichak tizimiga tushib qolishi mumkin.

“Elsa” Sharqiy va Markaziy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi a’zosi, endoskopist, PhD, “Yosh endoskopistlar maktabi” rahbari A. Haydarovning ta’kidlashicha, filialga har yili o‘rtacha 90–100 nafar bemor ana shunday muammolar bilan murojaat qiladi. Bunday vaziyatlarda har bir daqiqa muhim ahamiyat kasb etadi. Yot jismni o‘z vaqtida va to‘g‘ri usulda olib tashlash bemor hayotini saqlab qolish bilan birga og‘ir asoratlarning oldini oladi.
Aynan shu nuqtai nazardan qaraganda, “Yosh endoskopistlar maktabi”ning ahamiyati yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Maktab nafaqat nazariy bilim berish, balki amaliyotda yuzaga keladigan murakkab holatlarni hal qilish bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlashni ham maqsad qilgan. Uning faoliyati doirasida mahorat darslari, amaliy operatsiyalarda ishtirok etish, klinik tahlillar, ilmiy muhokamalar va sohaviy musobaqalar muntazam tashkil etilmoqda.

Yaqinda maktab a’zolari ishtirokida “Oshqozon-ichak traktidan yot jismlarni olish” hamda “Qon ketishlarni endoskopik usulda gemostaz qilish” mavzularida o‘quv mashg‘ulotlari musobaqa shaklida o‘tkazildi. Unda Buxoro filiali bilan bir qatorda Qorako‘l, G‘ijduvon va Romitan tuman tibbiyot birlashmalari mutaxassislari ham faol qatnashib, o‘z bilim va mahoratlarini namoyon etdi.
Maktabning eng muhim vazifasi shoshilinch tibbiy yordam tizimi uchun har qanday vaziyatda bemor hayotini saqlab qolishga qodir bo‘lgan, zamonaviy texnologiyalarni puxta o‘zlashtirgan, ilmiy yondashuvga ega va doimiy ravishda o‘z ustida ishlaydigan endoskopist kadrlarni tarbiyalashdir. Zero, inson organizmiga tushib qolgan yot jismni operatsiyasiz, kam invaziv usulda olib tashlash katta mas’uliyat, yuqori malaka va boy tajribani talab qiladi.

Eng muhimi, mazkur maktab faoliyati natijasida aholiga ko‘rsatilayotgan shoshilinch tibbiy yordam sifati yanada oshmoqda. Bolalar va kattalar hayotini saqlab qolishga qaratilgan har bir muvaffaqiyatli endoskopik amaliyot ortida bilim, izlanish va yuksak mas’uliyat mujassam.
“Yosh endoskopistlar maktabi” bu oddiy o‘quv loyihasi emas. Bu inson hayoti uchun kurashadigan, zamonaviy tibbiyotning eng ilg‘or usullarini puxta egallayotgan, ertangi kunning yetuk mutaxassislarini tarbiyalaydigan haqiqiy mahorat maktabidir. Bu yerda shakllanayotgan har bir yosh endoskopist kelajakda yuzlab insonlarning sog‘lig‘ini tiklash va hayotini saqlab qolishdek sharafli vazifani ado etishga tayyorlanmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri