Yoritgich mahsulotlari savdosida qonunbuzarliklar aniqlandi
Toshkent shahrida yoritgich mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi "LLL" mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyatida iste’molchilarning haq-huquqlari va texnik reglament talablariga zid qator qonunbuzarliklar fosh etildi.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining Toshkent shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida korxona tomonidan import qilinayotgan va ichki bozorda realizatsiya qilinayotgan yoritish moslamalarining sifati laboratoriya sharoitida chuqur tahlil qilindi.
Ekspertiza xulosalariga ko‘ra, mahsulot qadoqlarida qayd etilgan texnik ma’lumotlar bilan ularning haqiqiy ko‘rsatkichlari o‘rtasida jiddiy tafovutlar mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Jumladan, mahsulot yorlig‘ida lampaning quvvati 18 W deb ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, amaliy sinovlar natijasida ushbu ko‘rsatkich atigi 8–10 W oralig‘ida ekani tasdiqlandi.

Bu esa iste’molchiga taqdim etilayotgan ma’lumotning qariyb ikki barobarga oshirib ko‘rsatilganidan dalolat beradi.
Shuningdek, yoritgichlarning sifati va samaradorligini belgilovchi eng asosiy mezonlardan biri — yorug‘lik oqimi (lyumen) haqidagi ma’lumotlar qadoqlarda umuman aks ettirilmagani aniqlandi.
Mahsulotning rang harorati bo‘yicha o‘tkazilgan o‘lchovlar ham standart talablariga mos kelmadi; 4000 K ko‘rsatkichi belgilangan lampalarning haqiqiy holati 3000 K dan 4050 K gacha o‘zgarib, barqaror sifatni ta’minlay olmasligi ko‘rindi.
Mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, bunday holatlar nafaqat amaldagi texnik reglament va standart talablarining buzilishi, balki xaridorlarni mahsulotning haqiqiy xususiyatlari borasida chalg‘itish deb baholanadi.
Hozirda aniqlangan holatlar yuzasidan mazkur korxonaga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rilishi ta’minlanmoqda.
Hamroz Bayonov,
O‘zA