“Yo‘lovchi” loyihasi: piyodalar xavfsizligiga e’tibor
FOTOREPORTAJ
Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, piyodalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarining oldini olish va aholining yo‘l harakati madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan “Yo‘lovchi” loyihasi doirasida Termiz shahrida targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Surxondaryo viloyati Kengashi hamda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi hamkorligida Termiz shahridagi 6-umumta’lim maktabida tashkil etilgan tadbirda o‘quvchi-yoshlarga yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishning ahamiyati tushuntirildi.
[gallery-31450]
Suhbatlar davomida piyodalar o‘tish joylaridan to‘g‘ri foydalanish, yo‘lni kesib o‘tishda hushyorlikni saqlash, harakatning boshqa ishtirokchilariga nisbatan mas’uliyatli munosabatda bo‘lish masalalariga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, loyiha doirasida ilgari surilayotgan “qo‘l ko‘tarib o‘tish” odatining mazmun-mohiyati tushuntirildi. Qayd etilganidek, piyodaning yo‘lni kesib o‘tishdan avval qo‘l ko‘tarishi haydovchi e’tiborini o‘ziga qaratib, xavfsiz harakatlanishga xizmat qilishi mumkin.
Tadbir yakunida yoshlar yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilish, o‘z hayoti va atrofdagilar xavfsizligiga mas’uliyat bilan yondashishga chaqirildi.
“Yo‘lovchi” loyihasi doirasidagi bunday targ‘ibot tadbirlari yoshlar o‘rtasida yo‘l harakati madaniyatini shakllantirish va piyodalar xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat),O‘zA