Yod preparati iste’moli to‘la nazoratga olingan
Ijtimoiy tarmoqlarda bog‘chalar va umumta’lim maktablarida bolalarga yod preparatlari berilishi natijasida zaharlanish holatlari kuzatilgani haqida turli ma’lumotlar e’lon qilindi. Bu keng jamoatchilik o‘rtasida turli mish-mishlar kelib chiqishiga, ota-onalarning tashvishga tushishiga sabab bo‘lmoqda.
Bu bo‘yicha Andijon viloyatida holat qanday?
Ta’kidlash kerakki, viloyatda ko‘p sonli zaharlanish,butun boshli biror bir muassasa tarbiyalanuvchilari yoki maktab o‘quvchilarining ommaviy zaxarlanish holati umuman qayd etilgani yo‘q. Ayni paytda ushbu masala viloyat hokimi, mutasaddilar nazoratida. Viloyat, tuman va shahar markaziy shifoxonalari, tez tibbiy yordam bo‘limlari shifokorlari tomonidan vaziyat yaqindan kuzatilib, zaruriy harakatlar olib borilmoqda. Hozirgacha jiddiy, og‘ir asoratga olib kelgan holat aniqlanmadi.
Nafaqat mamlakatimizda, balki qator davlatlarda ham endemik bo‘qoq kasalligining oldini olish uchun maktab o‘quvchilari, bog‘cha tarbiya-lanuvchilariga "Kaliy yodid","Antistrumin"," Yodomarin" va boshqa nomlar bilan dunyoning turli davlatlarida ishlab chiqariladigan yod preparatlari berilishi yo‘lga qo‘yilgan. Bu o‘z navbatda kasallikning oldini olishda yuqori samara berib keladi. Avval ushbu dorilarning bolalarga ommaviy tarzdagi salbiy ta’siri umuman kuzatilmagan.
Ushbu masala bo‘yicha viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan quyidagi ma’lumotlar taqdim etildi.
Joriy yilning 20-21 sentyabr kunlari Andijon viloyatidagi 765 ta umumta’lim maktabining 522 ming 717 nafar o‘quvchisiga, 548 ta davlat bog‘chasining 109 ming 661 nafar, 2 ming 174 ta xususiy va uy bog‘chalarning 74 ming 324 nafar tarbiyalanuvchisiga 33 ming 387 qutida, jami 3 million 338 ming 700 dona "Kaliy yodid" tabletkasi tarqatilgan. Ana shu kunlari 619 ming nafar bola ushbu tabletkani qabul qilgan.
Viloyatda ushbu tabletka ichishdan ommaviy zaharlanish yo‘q, "Kaliy yodid" ichish oqibatida og‘ir holatga tushgan bemor qayd etilmadi. Viloyatining turli tuman va shaharlaridan 8 nafar bola yengil darajadagi shikoyatlar– dispeptik holatlar bilan shifokorlar nazoratiga olingan.
Tibbiyot xodimlari tomonidan dori ichgan bolalar dorining nojo‘ya ta’siri bor-yo‘qligi bo‘yicha nazorat ko‘rigidan o‘tkazilgan.
Ayni paytda Andijon viloyatida dori tarqatish ehtiyot chora sifatida to‘xtatilgan, maktab va bog‘chalardagi tarqatilmagan barcha "Kaliy yodid" tabletkalari qaytarib olingan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar, tegishli muassasalar tomonidan tarqatilgan "Kaliy yodid" dorisidan ekspertiza uchun namunalar olingan.
F. Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri.