YeXHT konferensiyasida “Navoiy tajribasi” taqdim etildi
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) Inson huquqlari konferensiyasida Navoiy viloyatidagi “Noila” ijtimoiy ko‘mak, huquqiy targ‘ibot va monitoring markazining fuqarolarga bepul huquqiy yordam ko‘rsatish, aholining huquqiy savodxonligini oshirish va jamoatchilik nazoratini rivojlantirish borasidagi tajribasi taqdim etildi.
Navoiy viloyati hokimligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi kotibi, viloyat Korrupsiyaga qarshi kurashish kengashi a’zosi Mansurjon Hamidov konferensiyada ishtirok etib, fuqarolik jamiyati institutlarining aholi huquq va manfaatlarini himoya qilishdagi o‘rni hamda Navoiy viloyatida bu borada to‘plangan amaliy tajriba haqida ma’lumot berdi.

YeXHTga a’zo 57 davlat va 20 dan ortiq xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etayotgan anjumanda inson huquqlarini himoya qilish, davlat boshqaruvida jamoatchilik ishtirokini kengaytirish va fuqarolik jamiyati institutlari faolligini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Taqdimotda “Noila” markazining fuqarolarga bepul yuridik yordam ko‘rsatish, huquqiy maslahatlar berish, yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish hamda aholi murojaatlari va ijtimoiy so‘rovlar orqali mavjud muammolarni aniqlashga qaratilgan faoliyati yoritildi. Shuningdek, jamoatchilik kengashlari faoliyatini baholash va aholini qiynayotgan masalalarni o‘rganish orqali ularning yechimiga ko‘maklashish tajribasi haqida so‘z yuritildi.

Qayd etilganidek, so‘nggi ikki yilda markaz tomonidan 500 nafardan ortiq fuqaroga bepul huquqiy yordam ko‘rsatilgan. Maktab va tashkilotlarda o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovlar esa aholini qiziqtirgan masalalarni aniqlash, mavjud muammolarni tahlil qilish va ular yuzasidan tegishli takliflar ishlab chiqishga xizmat qilgan.
Xalqaro konferensiyada “Navoiy tajribasi”ning taqdim etilishi fuqarolik jamiyati institutlarining inson huquqlarini himoya qilish, huquqiy madaniyatni yuksaltirish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish borasidagi amaliy faoliyatini xalqaro miqyosda namoyon etish imkonini berdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri