Yerdan samarali foydalanish davr talabi
Yer umummilliy boylik bo‘lib davlat tomonidan muhofaza qilinadi. Milliy qonunchiligimizda undan xalqimizning farovon hayoti, kelajak avlod to‘kinligi manbai sifatida oqilona foydalanish alohida belgilab qo‘yilgan. Yer munosabatlarini tartibga solish, undan maqsadli va samarali foydalanish, yer bilan bog‘liq uzviy masalalarni qonun doirasida hal etish uchun O‘zbekiston Respublikasining “Yer kodeksi” qabul qilingan.
Mamlakatimizda yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish va undan maqsadsiz foydalanishga barham berish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da bu borada hamon qonun buzilish holatlari uchramoqda.

Kadastr Agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi tashkil etgan navbatdagi matbuot anjumanida shu haqida atroflicha fikr almashildi.
Viloyatda 2 million 9 ming 911 gektar yer mavjud bo‘lib, uning atigi 237 ming 93 gektari sug‘oriladigan ekin maydonlaridir. Bu raqam vohada yerga bo‘lgan munosabatni tubdan o‘zgartirib, mavjud maydonlardan oziq-ovqat xavfsizligini, kelgusi avlodlarning ham obod, farovon hayot kechirishini ta’minlash uchun undan samarali foydalanishni taqozo etadi.

Soha xodimlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida joylarda yer va kadastr nazoratini amalga oshirish bo‘yicha olib borgan tadbirlari chog‘ida 2 ming 308 holatda qonun buzilish holatlari aniqlangan. Huquqbuzarlarga nisbatan 7 milliard 99,5 million so‘m ma’muriy jarima qo‘llanilib, hozirgacha uning 2 milliard 127 million so‘mi undirib olingan. 43 holatda qonun buzarlarga nisbatan to‘plangan hujjatlar jinoiy javobgarlik masalasini ko‘rib chiqish uchun huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga taqdim etilgan. 70,39 gektar maydondagi yer bilan bog‘liq qonun buzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan sudlarga da’vo arizalari kiritilib, shu kungacha 19,97 gektar maydonda barpo etilgan noqonuniy qurilmalarni buzish bo‘yicha sudning hal qiluv qarori chiqarildi.
O‘zbekiston Respublikasi "Yer kodeksi"da qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun berilgan yer uchastkasidan bir yil davomida va qishloq xo‘jaligi sohasiga taalluqli bo‘lmagan ehtiyojlar uchun berilgan yer uchastkasidan ikki yil mobaynida foydalanilmaganida butun yer uchastkasiga yoki uning bir qismiga egalik qilish huquqi, shuningdek yer uchastkasini ijaraga olish huquqi bekor qilinishi belgilab qo‘yilgan. Shunga muvofiq viloyatda mavjud qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlaridan samarali va maqsadli foydalanish yuzasidan tizimli nazorat o‘rnatilgan. Yilning o‘tgan davrida bu yo‘nalishda amalga oshirilgan monitoring chog‘ida 157 ta holatda 1 ming 145,61 gektar yer maydonidan maqsadsiz foydalanilgani aniklanib, 16 ta holatda 397,63 gektar yer maydoni bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari, 141 ta holatda 747,99 gektar yer maydoni uchun mahalliy hokimliklarga taqdimnomalar kiritildi. 31 ta holatda 269,20 gektar yer maydoni tuman hokimliklari zaxirasiga qaytarilishi ta’minlandi.

Matbuot anjumanida vohada yer munosabatlarini tartibga solish, undan maqsadli va samarali foydalanish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi. Ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri