YeI Rossiya neftini tashiyotgan tankerlarga qarshi yangi sanksiya qo‘llamoqchi
Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari Rossiya neftini tashiyotgani aytilayotgan tankerlarga qarshi yangi sanksiya joriy etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqchi, deb xabar tarqadi “Blumberg” agentligi manbalar va tegishli hujjatga tayanib.
- Bryusselda uchrashadigan blok tashqi ishlar vazirlari RF G‘arb sanksiyasini chetlab o‘tish uchun foydalanadigan ushbu kemalar faoliyatini cheklamoqchi, - deb yozgan nashr. Aniqrog‘i, shu maqsadda kemalar ro‘yxatdan o‘tgan mamlakatlar bilan hamkorlikni kuchaytirish masalasi ko‘rib chiqiladi.
Yig‘ilishdan oldin tarqatilgan hujjatda Polsha hukumati vakillari tegishli jihatlar ko‘zda tutilgan yangi qoida va muvofiqlashtirish usullarini taklif qilgan. Shuningdek, YeI kemalar ro‘yxatdan o‘tgan davlatlar bilan keng ko‘lamli diplomatik aloqa o‘rnatilgani, ko‘pchilik mamlakatlarni shunday kemalarni ro‘yxatdan o‘chirishga ko‘ndirish “asosan muvaffaqiyatli” kechgani ta’kidlangan. Varshava ayni jarayonga port va qirg‘oq bo‘yi davlatlari hamda tashabbusni qo‘llab-quvvatlayotgani aytilayotgan tashkilotlarni jalb qilish taklifini ham kiritgan.
Agentlik manbalari muhokama qilingan har qanday yangi chora YeIning 20-sanksiya to‘plamiga qo‘shilishini bildirgan.
Qo‘shimcha qilinishicha, vazirlar Ukrainani moliyalashtirish imkoniyati va Yevropa bo‘ylab “gibrid hujum” tobora kuchayib borayotganini ham muhokama qilishi kutilyapti.
S.Rahimov, O‘zA