Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi bilan hamkorlik loyihalari muhokama qilindi
Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Transport vazirligida Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi delegatsiyasi bilan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi vitse-prezidenti Yoshikava Yoshifumi, transport vaziri o‘rinbosari Ilhomjon Abdug‘afarov hamda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunov ishtirok etdi.
Muloqot davomida tomonlar Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan infratuzilma loyihalarining joriy holati, ularning bajarilish sur’atlari hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarni atroflicha muhokama qildi.

Xususan, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarini bog‘lovchi tonnel qurilishi, Samarqand viloyatida 37 kilometr avtomobil yo‘li va 4 ta ko‘prikni rekonstruksiya qilish, shuningdek, Andijon viloyatida 45 kilometr yo‘lni rekonstruksiya qilish loyihalari muhokamaning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi.
Tomonlar mazkur loyihalarni amalga oshirish jarayonida atrof-muhit muhofazasi va ekologik barqarorlik masalalariga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidlab, eng maqbul muhandislik yechimlarini ishlab chiqish muhimligini qayd etdi.
Uchrashuvda loyihalar doirasidagi amaliy ishlarni yanada jadallashtirish, belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni ishlab chiqishga kelishib olindi.

Shuningdek, yo‘l xo‘jaligi sohasi mutaxassislarining ilmiy va amaliy salohiyatini oshirish maqsadida Yaponiya tajribasini o‘rganish, grant mablag‘lari asosida malaka oshirish dasturlarini tashkil etish yuzasidan takliflar muhokama qilindi.
Ayniqsa, tonnel va avtomagistrallarni loyihalashtirish, qurish hamda ekspluatatsiya qilish sohasida Yaponiyaning ilg‘or tajribasini o‘rganish uchun o‘zaro tajriba almashish va malaka oshirish kurslarini yo‘lga qo‘yish tashabbusi bildirildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi transport infratuzilmasini rivojlantirish sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni izchil davom ettirish va yangi istiqbolli yo‘nalishlarni belgilab olish masalalari yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA