Yaponiya Parlamentiga “Mustaqillik zafarnomasi” kitobi taqdim etildi
Tokioda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi do‘stlik yangicha yo‘l tutdi. "Kitob diplomatiyasi" ikki xalqni qanday yaqinlashtirmoqda?
“Kitob diplomatiyasi” – O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi do‘stlikning yangi muloqot maydoni
Yaponiya Parlamenti. Bu yerda turli siyosiy qarorlar muhokama qilinadi, mamlakat va jamiyat hayoti uchun muhim masalalar hal etiladi. Bugun shu maskanda O‘zbekistonning mustaqillik yillarida bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘li, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va ikki mamlakat hamkorligi haqida so‘z bordi.
E’tiborlisi, Vatanimizning 35 yillik tarixi va o‘tgan davr mobaynida erishilgan natijalar aks etgan “Mustaqillik zafarnomasi” kitobi taqdimoti o‘tkazilib, asar esdalik sovg‘asi sifatida jamoaga topshirildi.

Ayni jarayonni shartli ravishda “kitob diplomatiyasi” deb atash mumkin.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan davra suhbatida Parlament a’zolari, biznes vakillari, olimlar, ekspertlar, madaniyat sohasi xodimlari, kun chiqar yurtda yashayotgan vatandoshlarimiz hamda O‘zbekiston tomonidan mas’ullar ishtirok etdi.
Dasturga ko‘ra, tadbir O‘zbekiston va Yaponiya davlat madhiyalari ijrosi bilan boshlandi. So‘zga chiqqanlar davlatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabat izchil rivojlanayotgani e’tirof etdilar. Xususan, siyosiy muloqot, iqtisodiy hamkorlik, ta’lim, madaniyat, turizm va inson kapitali sohalaridagi aloqalarga alohida e’tibor qaratildi.
Tashqi siyosatimizda Yaponiya muhim o‘rin tutishi, mavjud sheriklik yangi mazmun bilan boyib borayotgani qayd etildi.
Davra suhbatini olib borgan Ijtimoiy va ma’naviy tadqiqotlar instituti direktori, professor Muhammadjon Quronov o‘zaro munosabatdagi yangi tendensiyalarga to‘xtaldi. Xususan, 2025-yil o‘tkazilgan birinchi “Markaziy Osiyo – Yaponiya” sammitiga mintaqaviy va ikki tomonlama hamkorlikning yangi bosqichiga yo‘l ochgan muhim voqea o‘laroq alohida urg‘u berdi.
Anjumanning eng muhim qismi – “Mustaqillik zafarnomasi” kitob-albomi taqdimoti bo‘ldi.
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan tayyorlangan ushbu nashrda turli sohalarda amalga oshirilgan islohotlar, erishilgan natijalar va muhim voqealar tizimli aks ettirilgan. Istiqlol yillari siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ma’naviy hayotimizda yuz bergan o‘zgarishlar haqidagi ma’lumotlar jamlangan.
Har bir millatning o‘z tarixiy xotirasi va bosib o‘tgan shonli yo‘li bor. “Mustaqillik zafarnomasi” shunchaki tarixiy sanalar ro‘yxati emas, balki mamlakatning ilk mustaqillik kunidan boshlab bugungi taraqqiyot bosqichigacha bo‘lgan davri, muhim voqealar va o‘zgarishlarning xronologik tajassumidir. Kitob-albomni yaratishdan ko‘zlangan maqsad ushbu keng ko‘lamli jarayonni jamoatchilik, xususan xalqaro auditoriyaga yetkazishdir.
O‘zA muxbiriga intervyu bergan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov shunday deydi:
– Prezidentimiz tashabbusi bilan chop etilgan ushbu kitob-albom mamlakatimizda turizm, iqtisodiyot, madaniyat va ta’lim kabi qator muhim sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarning keng ko‘lamini ko‘rsatib beradi. Bugun yangi bir tushuncha paydo bo‘lgan: kitob diplomatiyasi. Biror davlatga borib, turli tashkilotlar vakillari bilan uchrashsak, ularga kitob sovg‘a qilamiz. Zero, kitob do‘stlikning boshlanish belgisi. “Mustaqillik zafarnomasi”ni Yaponiya Parlamentida ham qoldiryapmiz. Vaqt o‘tishi, vakillar almashishi mumkin, asar esa ishonchli manba sifatida saqlanib qoladi. Kitob insonlarni birlashtiradi. Ishonamanki, bu asar ham O‘zbekiston va Yaponiya xalqlari o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Bugun Yaponiyada O‘zbekistonga qiziqish nafaqat siyosiy va iqtisodiy muloqot, balki madaniy-gumanitar aloqalarda ham yaqqol namoyon. Kun chiqar yurt jamoatchiligi, xususan sayyohlari uchun o‘lkamizning qadimiy shaharlari, tarixiy-madaniy merosi, milliy an’analari bilan bir qatorda, mamlakatdagi zamonaviy o‘zgarishlar ham qiziqish uyg‘otmoqda.
Shu ma’noda, kitob diplomatiyasi mamlakat haqida axborot yetkazishning qulay vositasidir. Tarixiy obidalar o‘tmishimizni, zamonaviy islohotlar esa diyorimizning bugungi qiyofasini aks ettiradi.
Ikki yurt munosabatlarining bugungi holati haqida fikr bildirgan Yaponiya – O‘zbekiston assotsiatsiyasi raisi, 2013-2016-yillari ushbu mamlakatning yurtimizdagi elchisi bo‘lib ishlagan Fumixiko Kato mustaqillik yillarida mamlakatimizda yuz bergan o‘zgarishlarga alohida to‘xtaldi:
– Men O‘zbekistonni elchilik davrimdan yaxshi bilaman. So‘nggi o‘n yilda amalga oshirilgan islohotlar – mamlakat ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritganidan dalolat. Birgina misol. Ilgari yapon kompaniyalari dengizga chiqish imkoni yo‘q mamlakatga investitsiya kiritishi juda murakkab, deyarli imkonsiz edi. Bugun esa respublikamizda amalga oshirilayotgan islohotlar, mamlakat rahbari bilan samarali uchrashuvlar, yaratilayotgan yangi imkoniyatlar natijasida minglab kompaniya va tashkilotlarda O‘zbekistonga qiziqish kuchaymoqda. Biz iqtisodiyot yo‘nalishida, ta’lim, madaniyat va boshqa ko‘plab sohalarda birga yuksalishimiz mumkin. Hamkorlik uchun hali juda ko‘p imkoniyat bor.
Tadbir davomida mezbon ekspertlar ham O‘zbekistonning mustaqillik yillarida bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘liga alohida e’tibor qaratdi. Muhokama davomida mamlakatning tarixiy xotirasi, milliy qadriyatlari va ma’naviy-madaniy merosini asrab-avaylash barobarida, zamonaviy taraqqiyot talabi asosida yanada rivojlantirish muhimligi qayd etildi. Yosh avlodda Vatanga daxldorlik va mas’uliyat hissini kuchaytirish, ularni bilim, tashabbus va yangi g‘oyalar orqali mamlakat kelajagiga hissa qo‘shishga rag‘batlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Ishtirokchilar yurtimizning bugungi taraqqiyot yo‘li, yoshlar siyosati, ta’lim, madaniyat va ikki mamlakat o‘rtasidagi gumanitar aloqalar bilan qiziqdi. Muloqotlarda ayniqsa yoshlarni ikki xalq do‘stligini davom ettiruvchi avlod sifatida qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta’kidlandi.

Xullas, mazkur tadbir nafaqat mustaqil taraqqiyot yo‘limizni targ‘ib etish, balki ikki mamlakat xalqlarini tarix, madaniyat va kitob vositasida yanada yaqinlashtirish nuqtai nazaridan ham ahamiyat kasb etdi. “Mustaqillik zafarnomasi” Yaponiya Parlamentida qoldirilishi esa ushbu muloqotning ramziy davomidir. Zero, diplomatiya faqat rasmiy uchrashuv va muzokaralardan iborat emas. Ba’zan birgina kitob mamlakat haqida muxtasar hikoya qilishi, tarixni avlodlarga yetkazishi, xalqlar o‘rtasida yangi muloqot uchun sahifa ochishi mumkin. Bu ham kitob diplomatiyasining bir ko‘rinishi.
Darvoqe, Tokioning mashhur Shibuya chorrahasida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan maxsus aksiya tashkil etildi. Yirik raqamli ekranlarda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, mamlakatimizning bugungi taraqqiyoti va turli sohalarda erishilayotgan natijalar haqida hikoya qiluvchi videorolik namoyish etilmoqda.
Behruz Xudoyberdiyev, Iskandar Ismatov (video), O‘zA