Yapon estetikasini aks ettirgan ko‘rgazma
Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyida rassom Gayane Matevosyanning “Sumi-e san’ati” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Ekspozitsiyada chiziqning ifodaliligi, surtma ritmi va rassomning ichki holatiga asoslangan qadimgi yapon tush rangtasviri san’ati - sumi-e texnikasida bajarilgan turli yillardagi asarlar namoyish etildi.

Tadbirda qayd etilganidek, sumi-e Xitoyda paydo bo‘lgan va Yaponiyada alohida rivojlangan. U yerda nafaqat badiiy texnika, balki dzen falsafasining bir qismiga aylangan. “Sumi-e” nomi ikki yaponcha so‘zdan iborat: “sumi” - tush va “e” - rangtasvir. Bu san’atning asosiy xususiyati obrazning mohiyatini, tabiat yoki insonning kayfiyati va ichki holatini bir necha aniq surtmalar bilan bera olish.
Sumi-e an’anaviy ravishda bambuk, gullar, qushlar va manzaralar tasviri bilan bog‘liq bo‘lsa-da, "Sumi-e san’ati" ko‘rgazmasi bu uslubning imkoniyatlari ancha keng ekanini ko‘rsatmoqda.

Rassom tomoshabinga sumie go‘zalligi va chuqurligini anglashga, bu uslub klassik motivlardan tortib zamonaviy mualliflik obrazlari va hissiy holatlargacha bo‘lgan turli mavzularni uyg‘un tarzda ochib bera olishini ko‘rsatishga intiladi.
Ko‘rgazma tomoshabinlarni yapon estetikasi, sokinlik va ifodalilik muhitiga taklif etadi, bu yerda hatto oddiy chiziq ham his-tuyg‘u, fikr va kayfiyatning jozbasiga aylanishi mumkin.

Ko‘rgazma joriy yilning 29-mayigacha davom etadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA