“Yangi Toshkent” va strategik hamkorlik
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari T.Alimatov Xitoy Xalq Respublikasining Gonkong ma’muriy hududi delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish, ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish hamda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuvda vazir o‘rinbosari T.Alimatov davlat rahbarlari tomonidan yuritilayotgan ochiq, pragmatik va konstruktiv tashqi siyosat natijasida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar izchil rivojlanib, yangi mazmun bilan boyib borayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatimizda qurilish sohasini modernizatsiya qilish, raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda “aqlli shahar” tamoyillarini amaliyotga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shuningdek, sohada sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish, energiya tejamkor va ekologik toza qurilish materiallarini keng joriy etish hamda zamonaviy boshqaruv tizimlarini shakllantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilayotgani qayd etildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston tomoni xorijiy investorlar bilan ochiq va shaffof muloqotni davom ettirish, ular uchun barqaror va qulay investitsiya muhitini yanada kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi. Shu bilan birga, mamlakatda amalga oshirilayotgan yirik infratuzilma loyihalari, jumladan “Yangi Toshkent” konsepsiyasi doirasidagi bunyodkorlik ishlarida Xitoy kompaniyalarining ishtiroki masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

O‘z navbatida, Xitoy delegatsiyasi rahbari Gao Xongvu O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jadal sur’atlarda rivojlanayotgan investitsiya muhiti hamda ochiq iqtisodiy siyosat xorijiy hamkorlar uchun katta imkoniyatlar yaratayotganini ta’kidladi. U shuningdek, istiqbolda qurilish sohasida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil davom ettirish, amaliy loyihalarni kengaytirish hamda o‘zaro tajriba almashinuvini kuchaytirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA