Yangi O‘zbekistonning ishonch formulasi
Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yuksak saviyada o‘tkazilgani Yangi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi va investitsiyaviy jozibadorligi tobora ortib borayotganining yana bir amaliy tasdig‘i bo‘ldi.
Dunyoning turli davlatlaridan kelgan investorlar, yirik biznes vakillari, xalqaro moliya institutlari va ekspertlarning Toshkentda jam bo‘lishi mamlakatimizda olib borilayotgan ochiq va pragmatik siyosatga berilgan yuksak bahodir.
So‘nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida mamlakatimiz xalqaro iqtisodiy hamkorlikning muhim markazlaridan biriga aylanib bormoqda. Bugun O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun Yevrosiyo hududining istiqbolli investitsiya manzillaridan biri sifatida e’tirof etilayotgani bejiz emas.
Forumda ilgari surilgan tashabbuslar va belgilab berilgan ustuvor vazifalar uzoq muddatli taraqqiyot strategiyasining muhim yo‘nalishlarini yaqqol namoyon etdi. Xususan, kelgusida yiliga 15 milliard dollar hajmdagi turizm xizmatlarini ko‘rsatish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini bugungi 3,5 milliard dollardan 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha belgilangan maqsadlar mamlakat iqtisodiyotining ulkan salohiyatini ochib beradi.
Bu ko‘rsatkichlar shunchaki raqam emas, balki minglab yangi ish o‘rinlari, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari, innovatsion texnologiyalar va aholi farovonligining oshishini anglatadi.
Ayniqsa, investitsiyalarga faqat moliyaviy manba sifatida emas, balki ilg‘or texnologiyalar, zamonaviy boshqaruv tajribasi, ilm-fan va innovatsiyalarni olib kiruvchi kuch sifatida qaralayotgani tahsinga loyiq. Bu yondashuv iqtisodiy o‘sish bilan bir qatorda ta’lim, fan va inson kapitalini rivojlantirish uchun ham yangi imkoniyatlar yaratmoqda.

Forum doirasida Markaziy Osiyo va Kavkaz investitsiya kengashlarining mintaqaviy alyansini tuzish tashabbusining qo‘llab-quvvatlangani esa O‘zbekistonning mintaqaviy integratsiya va iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashdagi yetakchi rolini yana bir bor namoyon etdi. Bu tashabbus kelajakda yagona investitsiya makonini shakllantirish, transchegaraviy loyihalarni jadallashtirish va mintaqaning global iqtisodiy jarayonlardagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bugungi kunda yurtimiz dunyo hamjamiyati bilan o‘zaro ishonch, ochiqlik va manfaatli hamkorlik tamoyillari asosida yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Muhimi, xalqaro investorlar mamlakatimizni barqaror, ishonchli va uzoq muddatli sherik sifatida qabul qilmoqda. Bu esa davlatimiz rahbari olib borayotgan siyosatning amaliy natijasi, xalqimizning bunyodkorlik salohiyati va Yangi O‘zbekiston g‘oyasining hayotiy ifodasidir.
Bir so‘z bilan aytganda, beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi nafaqat iqtisodiy voqea, balki jonajon O‘zbekistonimizning jahon maydonidagi yangi qiyofasi, ortib borayotgan xalqaro nufuzi va kelajakka ishonch bilan qarayotgan taraqqiyot modelining yorqin namoyishi sifatida tarixda qoladi. Bugun biz Respublikamizda yuz berayotgan ulkan o‘zgarishlardan faxrlanishga, erishilgan natijalarni yuksak baholashga va yanada katta marralar sari dadil intilishga to‘la asosga egamiz.
Dilshod Xolmatov,
Namangan shahridagi Biznes va ilm-fan universiteti
("University of Business and Science") rektori, texnika fanlari doktori.
O‘zA