Yangi O‘zbekiston tashqi siyosati: suverenitet, muvozanat va global sherikliklar
Ma’lumki, XXI asrning uchinchi o‘n yilligida xalqaro munosabatlar tizimi o‘ta jiddiy, murakkab va tubdan qayta shakllanish davrini boshdan kechirmoqda. Sovuq urushdan keyingi yillarda shakllangan bir qutbli dunyo tartiboti o‘rnini asta-sekin, ammo ortga qaytmas tarzda ko‘p qutbli geosiyosiy shamoyilga bo‘shatmoqda. Xalqaro xavfsizlik va iqtisodiyot sohasidagi strategik tahlilda ushbu jarayon jahon miqyosida ta’sir o‘tkazish vakolati bir necha yirik davlat va mintaqaviy kuchlar o‘rtasida taqsimlanishini anglatadi.
Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev jahon minbarlarida ushbu geosiyosiy voqelikka aniq, xolis baho berib, dunyoda xalqaro institutlarning o‘rni va roli zaiflashayotgani, iqlim o‘zgarishi, turli qarama-qarshiliklar hamda texnologik tengsizlik kuchayayotgani, shu bilan birga yangi geosiyosiy xatarlar vujudga kelayotganini alohida qayd etib kelmoqda.
Bunday global siljish va o‘zgarish asnosida Markaziy Osiyo mintaqasi ulkan tabiiy xom ashyo manbasi, o‘sib borayotgan inson kapitali va Sharq bilan G‘arbni, Shimol bilan Janubni bog‘lovchi strategik tranzit tuguni sifatidagi beqiyos geografik joylashuvi tufayli jahon geosiyosatining faol, markaziy nuqtalaridan biriga aylandi.
O‘tgan asr oxiri va joriy asrning dastlabki o‘n yilliklarida mintaqa davlatlari asosan an’anaviy yirik qutblar ta’siri doirasida edi. Bugun esa ushbu manzara butunlay o‘zgaryapti. Hozir Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Amerika Qo‘shma Shtatlari va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida mintaqaviy xavfsizlik kafolati, iqtisodiy resurs va muhim minerallarga egalik qilish hamda barqaror siyosiy hamkorlikni ta’minlash yo‘lida mislsiz geosiyosiy raqobat kechmoqda. Mazkur shiddatli raqobat sharoitida davlatimiz rahbarining uzoqni ko‘zlab olib borayotgan “O‘zbekiston hech qaysi kuchning kuch sinashish maydoniga aylanmaydi” degan qat’iy strategik doktrinasi mamlakat tashqi siyosati o‘zagi va harakatlantiruvchi kuchi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida respublikamiz diplomatik korpusi ilmiy doiralarda “Strategik muvozanatlash” – “Strategic hedging” deb ataluvchi murakkab, ammo o‘ta samarali strategiyani muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda. Ya’ni, O‘zbekiston har bir strategik hamkordan mamlakat iqtisodiyoti, ijtimoiy sohasi va xavfsizligi uchun eng zarur resurs va texnologiyani o‘zlashtirib, evaziga davlat suverenitetiga putur yetkazmaydigan, mutlaqo teng huquqli, o‘zaro manfaatli munosabat taklif etadi. Mamlakatimiz xorijiy harbiy bazalarni hududida joylashtirmaslik, shuningdek uchinchi davlatlarga qarshi qaratilgan har qanday harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaslik qoidasiga qat’iy amal qilib kelayotgani davlatimiz o‘z strategik muxtoriyatini qanchalik ishonchli himoya qilayotgani tasdig‘idir.
XXR bugungi kunda O‘zbekistonning eng yirik savdo va sarmoyaviy sheriklaridan biriga aylanib, mamlakatimiz iqtisodiyotiga tizimli ravishda ulkan sarmoya kiritmoqda. XXI asrning eng yirik iqtisodiy konsepsiyasi bo‘lmish “Bir makon, bir yo‘l” – “Belt and Road Initiative” tashabbusi doirasida Xitoy Markaziy Osiyoning logistik, ishlab chiqarish va transport imkoniyatini o‘zlashtirishga beqiyos e’tibor qaratmoqda. Chin yurti bilan hamkorlik an’anaviy qazilma boyliklar eksporti bilan cheklanib qolmay, zamonaviy yuqori texnologiya, mashinasozlik, yashil energetika sohalarida ham tubdan kengaymoqda. Ekologik toza yashil transport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha imzolangan yirik loyiha buning yorqin isbotidir.
Xususan, Energetika vazirligi hamda Xitoyning «Henan Suda» korporatsiyasi o‘rtasida erishilgan kelishuvga muvofiq, 2033-yilgacha diyorimiz bo‘ylab jami 70 markazlashgan, 50 000 alohida elektromobilni quvvatlantirish qurilmasi o‘rnatish nazarda tutilgan keng ko‘lamli loyiha amaliyotga joriy etilmoqda. Mazkur olamshumul tashabbus kelgusida 700 000 dan ko‘p elektromobilni uzluksiz va barqaror energiya bilan ta’minlashga xizmat qiladi, karbonsiz, ekologik toza transport tizimiga o‘tish strategiyamizni bevosita qo‘llab-quvvatlaydi. Ayni jarayon O‘zbekistonni mintaqadagi elektromobillar infratuzilmasi eng rivojlangan yetakchi davlatga aylantiradi.
Shu bilan birga strategik transport va tranzit sohasida tom ma’nodagi “Asr loyihasi” hisoblangan Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston (CKU) temir yo‘li qurilishi bo‘yicha ulkan va tarixiy qadam qo‘yildi. 1997-yildan buyon davom etib kelgan murakkab muzokaradan so‘ng, 2025-yil 16-dekabr kuni Qirg‘iz Respublikasi poytaxti Bishkek shahrida mazkur loyihani moliyalashtirish bo‘yicha yakuniy va tarixiy bitim imzolandi. Umumiy investitsiya qiymati 4.7 milliard dollarga teng bu noyob loyiha doirasida XXRning Taraqqiyot banki va Eksport-import banki tomonidan 35 yil muddatga 2.3 milliard dollarlik imtiyozli kredit ajratilishi tasdiqlandi. Maxsus tuzilgan qo‘shma korxonada Chin tomoni moliya va qurilishning asosiy qismini zimmasiga olgan holda 51 foiz, Qirg‘iziston va O‘zbekiston Respublikalari esa har biri 24.5 foizdan ulushga ega bo‘ldi.
Uzunligi taxminan 520 kilometr mazkur po‘lat magistral barpo etilishi favqulodda murakkab muhandislik yechimini talab qiladi. Masalan, Qirg‘izistonning baland tog‘li hududlarini birlashtiradigan 304 kilometr masofada 50 ko‘prik, 29 tunnel vujudga keladi. Bu butun yo‘nalishning qariyb 40 foizi murakkab muhandislik inshootlaridan iborat bo‘lishini anglatadi. Ushbu tranzit yo‘lagi to‘laqonli ishga tushgach, Qashqar shahri Torugart dovoni va Jalolobod shahri orqali Andijonga ulanadi. Shu tariqa O‘zbekiston va butun mintaqa uchun Sharqiy Osiyodan Yaqin Sharq, Janubiy Kavkaz va Yevropa bozoriga chiqadigan muqobil, xavfsiz va eng qisqa yo‘l ochiladi, mintaqaning tranzit mustaqilligi so‘zsiz kafolatlanadi.
Tabiiyki, Rossiya Federatsiyasi tarixiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar rishtalardan mintaqada o‘z ta’siri va iqtisodiy barqarorligini ta’minlash uchun foydalanmoqda. Jahon miqyosidagi sanksiya va cheklovga qaramay, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi tovar aylanmasi 2025-yil barqaror o‘sish sur’atini namoyish qilib, 13 milliard dollardan oshdi. RF iqtisodiyotning yirik strategik ob’ektlari va ayniqsa energetika xavfsizligi borasida ishonchli hamkorlarimizdan biri bo‘lib qolmoqda. Ayni yo‘nalishdagi yirik strategik qadam O‘zbekistonda Markaziy Osiyodagi ilk va yagona atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasidir. Dastlabki kelishuvga ko‘ra, Jizzax viloyatida kam quvvatli AES (SMR – RITM-200N texnologiyasi asosida umumiy quvvati 330 MVt 6 blok) qurilishi rejalashtirilgan edi. 2025-yil sentabr oyida Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan “Jahon atom haftaligi” – “World Atomic Week” doirasida ushbu loyiha ko‘lami misli ko‘rilmagan darajada kengaytirildi va “O‘zatom” agentligi hamda “Rosatom” davlat korporatsiyasi o‘rtasida yirik integratsiyalashgan AES barpo etish bo‘yicha yangi, konseptual shartnoma imzolandi. Mazkur bitimga asosan, Jizzaxdagi bir maydonning o‘zida ham yirik, ham kichik reaktorlar uyg‘un ishlaydigan loyiha – har biri quvvati 1 GVt (GigaVatt) ikki yirik “VVER-1000” – “Generation III+” suv-suv energetika reaktorlari hamda ikki 55 MVt quvvatli innovatsion “RITM-200N” kam quvvatli reaktorlari birlashadi.
Ushbu ulkan energetika ob’ekti O‘zbekistonni jahonda birinchi marta ham yirik, ham kam quvvatli reaktorlarni yagona maydonda muvaffaqiyatli ishlatuvchi davlatga aylantiradi. Majmua to‘liq ishga tushgach, yiliga 17.2 milliard kVt/soat sof va arzon elektr energiyasi ishlab chiqariladi va mamlakat umumiy energiya ehtiyojining qariyb 14 foizi qoplanadi. Bu tashabbus “O‘zbekiston-2030” strategiyasida belgilangan iqtisodiyotni barqarorlashtirish, sanoat korxonalarini energiya bilan uzluksiz ta’minlash va karbonat angidrid gazini kamaytirish orqali yashil energiyaga o‘tish maqsadiga to‘la hamohang.
AQSH va YeIning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosati ham so‘nggi yillarda aniq va qat’iy pragmatik o‘zanga burildi. G‘arb davlatlari mintaqaga iqtisodiy diversifikatsiyalashgan hudud, muhim minerallar manbai, ishonchli tranzit tizimi va texnologik transfer manzili sifatida jiddiy qaramoqda. Siyosiy muloqotning eng yuqori darajasi sifatida AQSH va Markaziy Osiyo davlatlari munosabatlari tarixida navbatdagi C5+1 formatidagi oliy darajali sammit Prezident Donald Tramp mezbonligida 2025-yil 6-noyabr kuni Vashingtonda, Oq uyda tashkil etildi. O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari ishtirok etgan ushbu anjuman an’anaviy diplomatiya deklaratsiyasi emas, balki bevosita aniq bitim va investitsiya (deals, not declarations)ga asoslanganligi bilan alohida ahamiyat kasb etdi.
Diplomatik platformaning biznes qismi bo‘lmish B5+1 uchrashuvida 25 milliard dollarlik yirik biznes e’loni – maxsus “Kelishuv hududi” (Deal Zone) amaliyotga tatbiq etildi. Tomonlar strategik xom ashyo va muhim minerallar (volfram, surma, litiy va boshqa noyob yer unsurlari)ni qazib olish va qayta ishlash, mintaqaviy transport yo‘laklarini kengaytirish, energetika xavfsizligi hamda sun’iy intellekt sohasidagi texnologik hamkorlikni chuqurlashtirishga kelishib oldilar.
Ayni jarayon doirasida O‘zbekiston Respublikasi milliy aviatashuvchisi – “Uzbekistan Airways” kompaniyasi va “Boeing” aero fazoviy korporatsiyasi o‘rtasida milliy aviatsiya tarixidagi eng yirik va qimmatli shartnoma imzolandi. Ma’lumki, dastlab yanglish 37 samolyot haqida xabar berilgan edi. Aslida Vashingtonda AQSH savdo vaziri Xovard Lutnik va O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov ishtirokida imzolangan va rasman tasdiqlangan hujjatga ko‘ra, respublikamiz jami 22 ta zamonaviy, keng fyuzelyajli “Boeing 787-9 Dreamliner” samolyoti xarid qilish bo‘yicha qat’iy kelishuvga erishildi. Bu uchoqlardan 14 tasi qat’iy buyurtma, 8 tasi opsion sifatida tasdiqlangan. Umumiy ro‘yxat narxi bo‘yicha qiymati 8 milliard dollardan oshadigan ushbu strategik kelishuv 2031-yildan boshlab samolyot yetkazib berishni ko‘zda tutadi.
Mazkur shartnoma O‘zbekistonning Shimoliy Amerika, Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyo-Tinch okeani bozoriga bevosita va to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatini keskin kengaytiradi, Toshkentni mintaqaviy yirik xalqaro tranzit aviatsiya xabiga aylantirishdek ulug‘vor maqsadga xizmat qiladi hamda AQSH iqtisodiyotida 35 000 dan ziyod ish o‘rnini qo‘llab-quvvatlaydi.
Diplomatik muvaffaqiyatning yana bir mantiqiy davomi sifatida 2026-yil 19-fevral kuni Vashingtonda o‘tkazilgan, yangi global xavfsizlik manzarasini yaratishga qaratilgan “Tinchlik Kengashi” (Board of Peace) inaugural sammitini keltirish mumkin. Bu anjumanda O‘zbekiston rahbariyati bevosita ishtirok etib, xalqaro miqyosdagi nizolarni, xususan Yaqin Sharq va G‘azodagi gumanitar inqirozni tinch yo‘l bilan hal etish jarayonida mamlakatimizning faol xalqaro obro‘sini yana bir bor namoyish qildi.
22 a’zo davlatni birlashtirgan mazkur Kengash yig‘ilishida AQSH tomonidan G‘azoni qayta tiklash uchun 10 milliard dollar, jumladan O‘zbekiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, BAA, Saudiya Arabistoni kabi qator davlatlar tomonidan qo‘shimcha 7 milliard dollarlik xalqaro yordam paketi tasdiqlandi. Respublikamiz ushbu tashabbus doirasida G‘azodagi maxsus hududni qayta iqtisodiy tiklash va rivojlantirish mas’uliyatini zimmasiga olgani faol va gumanitar tashqi siyosatning yorqin namunasidir.
Yevropa Ittifoqi ham mintaqamizda yashil texnologiya, me’yoriy-huquqiy standart va infratuzilma provayderi sifatidagi ishtirokini izchil kuchaytirmoqda. 2025-yil 3-4-aprel kunlari qadimiy va navqiron Samarqand shahrida tarixdagi birinchi “YeI – Markaziy Osiyo” sammiti bo‘lib o‘tdi.
Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen va Yevropa Kengashi Prezidenti Antoniu Koshta hamda Markaziy Osiyoning besh davlati rahbarlari ishtirokida kechgan bu yirik tarixiy anjumanda tomonlar munosabati rasman “strategik sheriklik” darajasiga ko‘tarilgani e’lon qilindi va tegishli Deklaratsiya qabul qilindi. E’tiborlisi, YeI “Global Gateway” (“Dunyo darvozasi”) infratuzilma dasturi doirasida Markaziy Osiyo uchun 12 milliard yevro miqdoridagi o‘ta yirik investitsiya paketini taqdim etdi. Mazkur ulkan sarmoya Trans-Kaspiy xalqaro transport yo‘lagi – O‘rta yo‘lakda yuk tashish vaqtini 15 kun qisqartirish (10 milliard yevro ajratilgan), eng chekka qishloqlar va maktablarni Yevropa koinot yo‘ldoshi orqali raqamli internet tarmog‘iga ulash (birgina 2025-yil Qozog‘iston va mintaqadagi 2000 dan ziyod maktab ulandi) hamda Orol bo‘yi hududida innovatsion yashil belbog‘ yaratish, suv-energetika xavfsizligini ta’minlash kabi ulug‘ maqsadlarga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston ko‘p qutbli dunyo sharoitida hech bir gegemon kuchga qaram bo‘lib qolmaslik va qarz tuzog‘iga tushmaslik maqsadida davlatlarning geosiyosiy manfaatini milliy iqtisodiyotni modernizatsiya qilish yo‘lida mohirona muvozanatlamoqda. Zero, suverenitet, ochiqlik va pragmatizm davlatimiz tashqi siyosatining o‘zgarmas asosidir.
Abduaziz Xidirov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi magistranti,
O‘zA