Yangi O‘zbekiston: Islohot va yangicha boshqaruv falsafasi
“Yangi O‘zbekiston” so‘nggi yillarda mamlakat taraqqiyoti bilan bog‘liq holda eng ko‘p tilga olinayotgan tushunchalardan biriga aylandi. Bu atama faqat siyosiy shior yoki islohot dasturi emas. Tahlillarga ko‘ra, mazkur konsepsiya davlat boshqaruvi, jamiyat va fuqaro o‘rtasidagi munosabatning butunlay yangi ko‘rinishini shakllantirishga qaratilgan. Ko‘zlangan maqsad esa davlat faoliyati markaziga inson manfaatini chiqarish.
Siyosatshunos Sayfiddin Jo‘rayev ta’kidlashicha, Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan tahlilning birinchi qismi mamlakat suvereniteti, davlatchilik va iqtisodiy asos shakllanishiga bag‘ishlanadi, ikkinchi qism davlat qanday o‘zgargani haqida so‘z yuritadi. Xususan, davlat institutlari, kadrlar siyosati, huquqiy tizim, axborot siyosati, fuqarolik jamiyati, ekologiya va din sohasidagi o‘zgarishlar yaxlit tizim sifatida baholanadi. Muallif bu jarayonni alohida islohotlar yig‘indisi emas, balki davlat boshqaruvi usuli yangilanishi tarzida talqin qiladi.
Asosiy g‘oya Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan: “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” tamoyilida mujassam. Ayni yondashuv davlat va jamiyat munosabatiga yangicha mazmun berdi. Endi fuqaro boshqaruv ob’ekti emas, balki uning fikri davlat siyosati samaradorligini baholaydigan asosiy mezon. Mazkur tamoyil faqat g‘oya darajasida qolmay, xalq qabulxonasi, sayyor qabul, davlat idoralari ochiqligi va rahbarlar hisobdorligi orqali amaliyotga tatbiq etildi.
Tahlilda “Yangi O‘zbekiston” konsepsiyasi to‘rt tayanch ustunga qurilgani qayd etiladi. Birinchi – inson qadri ustuvorligi. Bu tamoyil 2023-yil qabul qilingan Konstitutsiyada mustahkamlanib, “Inson qadri uchun” g‘oyasi davlat siyosatining huquqiy asosiga aylandi. Ikkinchi – ochiqlik siyosati. Tashqi dunyo endi xavf manbai emas, taraqqiyot uchun yangi imkoniyat sifatida baholanadi. Uchinchi – qonun ustuvorligi va huquqiy barqarorlik fuqarolar va investorlar uchun bir xil, oldindan ma’lum qoidani ta’minlashga qaratilgan. To‘rtinchi – ijtimoiy davlat tamoyili davlatning aholi farovonligi uchun mas’uliyatini yanada kuchaytirdi.
Hujjatning amaliy ifodasi strategik dasturlarda aks etdi. Avval qabul qilingan 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasining mantiqiy davomi sifatida 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi ishlab chiqildi. So‘ngra “O‘zbekiston-2030” strategiyasi qabul qilinib, mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyot maqsadi belgilandi. Bu hujjatlar bir-birini takrorlamasdan, islohotni izchil davom ettiruvchi yagona tizimni tashkil etadi.
Muhim jihatlardan biri – strategik hujjat ishlab chiqish jarayoniga keng jamoatchilik jalb etilishi. Tahlilda keltirilishicha, 5 milliondan ortiq fuqaro tanishgan 2026-yilgi Davlat dasturi loyihasi bo‘yicha 22 000 dan ziyod taklif bildirilgan. Oliy ta’lim muassasalarida o‘tkazilgan muhokamalarda o‘n minglab talaba, o‘qituvchi va davlat xizmatchisi ishtirok etgan. Bu amaliyot endi davlat dasturi shunchaki idoraviy hujjat emas, balki jamoatchilik ishtirokida shakllanadigan ijtimoiy kelishuvga aylanayotganidan dalolat.
Ushbu hujjat 337 aniq tadbirni birlashtirgan. Natijadorlik ko‘rsatkichi bilan belgilangan har bir vazifaning ijrosi yil yakunida baholanishi nazarda tutilgan. Mahalla infratuzilmasini yangilash, iqtisodiyotni innovatsion modelga o‘tkazish, yangi mehnat bozorini shakllantirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimini takomillashtirish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.
Shu bilan birga Jo‘rayev mavjud xatarni ham ko‘radi: asosiy muammo qaror qabul qilish sur’ati bilan ijroni joylarda amalga oshirish imkoniyati o‘rtasidagi tafovut. Shu bois keyingi bosqichda islohotni alohida rahbar tashabbusi emas, balki barqaror ishlaydigan institutlarga tayangan tizim qilish muhim vazifa sifatida belgilangan.
Davlat boshqaruviga yangicha yondashuv: ochiqlik, raqamlashtirish va mas’uliyat
“Yangi O‘zbekiston” konsepsiyasidagi muhim bandlar davlat boshqaruvi tizimi bilan bog‘liq. Avval asosan ma’muriy boshqaruvni muvofiqlashtirgan davlat idoralari bugun aholi ehtiyojiga tezkor javob berish, ochiqlikni ta’minlash va xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirish uchun javobgar. Bu jarayon davlat muassasalari faoliyatidagi asosiy o‘zgarish sifatida baholangan.
Davlat va fuqaro muloqoti yangi bosqichga ko‘tarildi. Prezidentning Virtual va Xalq qabulxonalari orqali millionlab murojaat ko‘rib chiqildi. Barcha darajadagi rahbarlar mahallalarda sayyor qabul o‘tkazishi an’anasi yo‘lga qo‘yildi. Davlat idoralari ochiqligi reytingi e’lon qilinib, rahbarlarning aholi oldida ommaviy hisobot berish amaliyoti joriy etildi. Shu tariqa davlat idoralari faoliyati yopiq tizimdan ochiq boshqaruv uslubiga o‘tmoqda.
Raqamlashtirish ham islohotning muhim yo‘nalishiga aylandi. Bugun Yagona inter faol davlat xizmati portali orqali yuzlab xizmat elektron shaklda ko‘rsatilmoqda. Elektron hukumat, elektron hujjat aylanishi, raqamli identifikatsiya va elektron davlat xaridi tizimlari joriy etildi. Shuningdek, litsenziya va ruxsatnoma talab qilinadigan faoliyat turlari keskin qisqartirilib, juda ko‘p xizmat ruxsat olish emas, balki xabar berish tartibiga o‘tkazildi. Boshqacha aytganda ortiqcha qog‘ozbozlik, byurokratik to‘siq kamaydi.
Huquqiy himoya sohasida ham muhim institutsional yangiliklar yuz berdi. Ma’muriy sud tashkil etildi, davlat idorasi qarori ustidan shikoyat qilishning ta’sirchan mexanizmi shakllandi. Juda muhim o‘zgarish – qaror qonuniyligini isbotlash majburiyati fuqaro emas, davlat idorasi zimmasiga yuklatilgani. Bu davlat va fuqaro munosabatida huquqiy muvozanat ta’minlanishiga qaratilgan muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatida alohida yo‘nalish sifatida belgilandi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi, sohaviy qonun qabul qilindi, davlat xizmatchisi daromadini qayd etish, me’yoriy hujjatni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish va davlat xizmatini raqamlashtirish mexanizmi joriy qilindi. “Ochiq byudjet” platformasi orqali aholiga byudjet mablag‘ining bir qismini taqsimlashda ishtirok etish imkoni yaratildi, davlat mulkini sotishda elektron auksion amaliyoti ko‘lami kengaydi.
Davlat xizmatini tashkil etish tizimi ham tubdan yangilandi. “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinib, yagona malaka talabi, ochiq tanlov asosida ishga qabul qilish, xizmat samaradorligini baholash va manfaatlar to‘qnashuvini cheklash kabi zamonaviy mexanizmlar joriy etildi. Shuningdek, kadrlar siyosatini muvofiqlashtiruvchi maxsus Davlat xizmati departamenti tashkil etildi.
Sayfiddin Jo‘rayevning fikricha, keyingi bosqichda davlat xizmatini raqamlashtirishdan o‘ta faol davlat modeliga o‘tish zarur. Ya’ni, davlat xizmati fuqaro murojaat qilishini kutmasdan, muayyan hayotiy holat yuzaga kelganda bevosita taqdim etilishi lozim. Binobarin, mazkur jarayon idoralar aro axborot tizimini to‘liq uyg‘unlashtirish, yagona ma’lumot reyestrini shakllantirish va shaxsiy ma’lumot xavfsizligini yanada kuchaytirish zarurati bilan bog‘liq.
Tahlilda yana bir muhim muammoga e’tibor qaratilgan. Zamonaviy davlat boshqaruvida asosiy tanqislik xodim soni emas, balki tahliliy salohiyatga bog‘liq. Muayyan vazirlik yoki idora qaror qabul qilishda ma’lumotni chuqur tahlil qilish, ehtimoliy oqibatni baholash va muqobil yechim ishlab chiqish qobiliyatini kuchaytirishi lozim. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashda jazolash emas, balki salbiy holatni keltirib chiqaradigan sababni bartaraf etishga ustuvor ahamiyat berish taklif etilgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA