Yangi O‘zbekiston – global tashabbuslar va barqaror iqtisodiy taraqqiyot markazi
Munosabat
Bugungi kunda Samarqand nafaqat tarixiy shahar, balki dunyoning moliyaviy va iqtisodiy siyosati belgilanadigan yirik xalqaro platformaga aylandi. Buni Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilari kengashining 59-yillik yig‘ilishida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan g‘oyalar, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar miolida ham ko‘rish mumkin.

Xususan, tarixan qisqa davr ichida O‘zbekiston iqtisodiyoti 50 milliard dollardan 147 milliard dollargacha o‘sgani, 150 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar jalb qilingani – bu shunchaki raqamlar emas, balki tizimli mehnat va to‘g‘ri tanlangan strategik yo‘lning samarasidir.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida alohida ta’kidlaganidek, bizning bosh maqsadimiz 2030-yilga qadar iqtisodiyot hajmini 240 milliard dollardan oshirish va aholi daromadlari o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kirishdir. Bu borada Qonunchilik palatasi vakillari sifatida biz iqtisodiy erkinlikni ta’minlash, xususiy mulkni himoya qilish va investitsiya muhitini yanada jozibador qilishga qaratilgan huquqiy bazani mustahkamlashda davom etamiz. Ayniqsa, kambag‘allik darajasini 35 foizdan 5,8 foizga tushirish borasidagi O‘zbekiston tajribasi xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilayotgani, “inson qadri uchun” tamoyilining amaliy ifodasi deyish mumkin.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, bugungi zamonaviy dunyoda raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt iqtisodiy o‘sishning asosiy drayveriga aylanmoqda. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari” dasturi va Toshkentda OTBning mintaqaviy muvofiqlashtirish markazini ochish taklifi, O‘zbekistonning global texnologik jarayonlarda faol ishtirok etishga tayyorligini ko‘rsatadi. Biz innovatsiya va bilimlarga asoslangan yangi iqtisodiy modelga o‘tar ekanmiz, bu jarayonlar 2040-yilga borib xalqaro savdo aylanmasini sezilarli darajada oshirishga xizmat qilishi shubhasizdir.
Energetika xavfsizligi va “yashil” iqtisodiyot masalasi ham davlat rahbari ma’ruzasidagi markaziy mavzulardan biri bo‘ldi. O‘zbekiston 2030-yilga borib qayta tiklanuvchi energiya ulushini 54 foizga yetkazishni maqsad qilgan. Bu nafaqat ekologik barqarorlik, balki sanoat uchun arzon va toza energiya demakdir. Markaziy Osiyo – Yevropa “yashil” energetika koridorini yaratish tashabbusi esa mintaqamizning global energetika xaritasidagi rolini butunlay o‘zgartiradi. Men xalq vakili sifatida ushbu loyihalarning huquqiy asoslarini yaratish va “Yashil makon” umumilliy loyihasi doirasidagi ishlarni qo‘llab-quvvatlashni o‘z burchim deb bilaman.
Logistika va transport masalalari bugungi geosiyosiy vaziyatda strategik ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishining boshlanishi va “Raqamli bojxona va logistika alyansi”ni tashkil etish taklifi yuk tashish xarajatlarini kamaytirish va mintaqamizning tranzit salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Bu esa tadbirkorlarimiz uchun yangi bozorlar ochilishi va mahalliy mahsulotlarning eksport imkoniyatlari kengayishi demakdir.
Shuningdek, O‘zbekiston o‘z qazilma boyliklari, xususan, kritik minerallardan oqilona foydalanish orqali yuqori qo‘shilgan qiymatga ega bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni maqsad qilgan. “Kritik mineraldan – ishlab chiqarishga” dasturi va “Kelajak metallari texnoparki” kabi loyihalar mamlakatimiz sanoatini yangi bosqichga olib chiqadi. Bu jarayonda OTB bilan imzolangan 12 milliard dollarlik yangi hamkorlik dasturi strategik ahamiyatga ega bo‘lib, iqtisodiyotimizning barcha tarmoqlarini texnologik yangilash imkonini beradi.
Shu bilan birga, turizm sohasidagi islohotlar natijasida xorijiy turistlar oqimining 12 millionga yetgani va “Markaziy Osiyo turizm halqasi”ni yaratish tashabbusi mamlakatimizning madaniy va ma’rifiy jozibadorligini yanada oshiradi. Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy majmuasi kabi inshootlar nafaqat ma’naviy xazina, balki iqtisodiy o‘sish nuqtalari hamdir. Biz uchun har bir kelgan sayyoh – bu yangi ish o‘rni va milliy brendimizning jahonga tanilishidir.
Xulosa qilib aytganda, Samarqand anjumani nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun yangi strategik imkoniyatlar eshigini ochgani bilan tarixiy ahamiyatga egadir.
Xususan, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “yashil” energetika koridori, yagona turizm halqasi va raqamli logistika alyansi kabi tashabbuslar mintaqaviy jipslikni mustahkamlash orqali har bir fuqaroning kundalik hayotida ijobiy o‘zgarishlarni ta’minlashga qaratilgan.
Eng muhimi, OTB bilan imzolangan yangi hamkorlik dasturi va texnologik innovatsiyalarga yo‘naltirilgan investitsiyalar iqtisodiyotimizning barqaror o‘sishini ta’minlab, mintaqa aholisi uchun yangi ish o‘rinlari, zamonaviy infratuzilma va farovon turmush sharoitini yaratishda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Mavluda ADHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi.
O‘zA