Yangi moliyaviy mexanizm: Buloqboshi tumanidagi 35 yillik muammo hal etiladi
Keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar markazida inson qadri, uning manfaatlari va farovon hayotini ta’minlash masalasi turibdi. Bu borada davlat boshqaruvining barcha bo‘g‘inlarida aholi bilan muloqotni kuchaytirish, ularning muammolarini manzilli hal etish va joylardagi dolzarb masalalarga tezkor yechim topishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ana shunday muhim tashabbuslardan biri Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlariga saylov okruglaridagi muammolarni hal etish uchun 3 milliard 300 millon so‘m miqdorida mablag‘ ajratilishi bo‘ldi. Mazkur tartib nafaqat moliyaviy qo‘llab-quvvatlash vositasi, balki deputat va saylovchi o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlovchi muhim mexanizm sifatida ham namoyon bo‘lmoqda.
Mablag‘lar ajratilishi, avvalo, joylarda aholi tomonidan ko‘tarilayotgan ijtimoiy muammolarni o‘z vaqtida va samarali hal etish imkonini yaratadi. Ilgari ayrim masalalarni hal qilish uchun yuqori tashkilotlarga murojaat qilish, mablag‘ ajratilishini kutish kabi jarayonlar vaqt talab etar edi. Yangi tartib esa deputatlarga bevosita o‘z saylov okrugidagi muammolarni mustaqil hal etish vakolati va imkonini beradi.

Ayniqsa, mahallalardagi infratuzilma muammolari – ichki yo‘llarni ta’mirlash, ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, elektr tarmoqlarini yangilash, ijtimoiy ob’ektlarni ta’mirlash kabi masalalarni hal etishda mazkur mablag‘lar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa aholining kundalik hayotiga bevosita ta’sir ko‘rsatib, ularning turmush darajasini oshirishga xizmat qilmoqda.
Mazkur tashabbus doirasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulnoraxon Abduvohidova tomonidan saylovchilarning ichki yo‘llar bilan bog‘liq 35 yillik muammosi hal etiladigan bo‘ldi.
Jumladan, Buloqboshi tumani Neftchilar mahallasidagi Ibrat ko‘chasi tashkil topganidan buyon asfalt qilinmagani sabab, ayniqsa, kuz-qish faslida aholi va taransport vositalarining harakatlanishida turli qiyinchiliklar tug‘dirib kelayotgan edi. Endilikda, deputatga ajratilgan mablag‘ hisobiga Ibrat ko‘chasi asfalt qilinib, saylovchilarning muammosi ijobiy yechim topadigan bo‘ldi.

Aytib o‘tish joizki, ushbu mexanizm deputatlarning joylardagi faolligini oshirdi. Endi deputat faqat qonun ijodkori sifatida emas, balki hududlardagi muammolarni hal etuvchi tashabbuskor sifatida ham namoyon bo‘ladi.
Bir so‘z bilan aytganda, Qonunchilik palatasi deputatlariga saylovchilarning muammolarini hal etish uchun mablag‘ ajratish amaliyoti mamlakatimizda “inson – jamiyat – davlat” tamoyilini amalda ro‘yobga chiqarayotgan muhim qadamlardan biridir. Ushbu mexanizm deputat va saylovchi o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqib, joylardagi dolzarb masalalarni tezkor va samarali hal etishga yordam beradi.
Eng muhimi, ushbu tashabbus orqali xalq vakillari o‘z saylovchilariga yanada yaqinlashib, ularning ishonchini qozonadi. Bu esa, o‘z navbatida, jamiyatda adolat, ochiqlik va mas’uliyat tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Faxriddin UBAYDULLAEV, O‘zA