Yangi korxonada 280 kishi ishli bo‘ldi
Farg‘ona viloyati Toshloq tumanidagi “Expo kollor prin teks” paxta-to‘qimachilik klasteri tomonidan yog‘ mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yangi korxona tashkil etildi.
Yangi yil bayrami arafasida mazkur korxona foydalanishga topshirili. Mamlakatimizda paxta-to‘qimachilik klasterlari tizimi joriy etilgani natijasida “paxta xom ashyosidan tayyor mahsulotgacha” bo‘lgan zanjirni qamrab olgan yirik ishlab chiqarish majmualari shakllanmoqda. Bu esa aholi bandligi va daromadlarini yanada oshirishda muhim omil bo‘layotir.

“Expo kollor prin teks” paxta-to‘qimachilik klasteri ham Toshloq tumanida yangi loyihalarni amalga oshirmoqda.
–Bugun ish boshlayotgan korxonada 280 ta doimiy ish o‘rni yaratilayotgani, bu – 280 ta xonadon doimiy daromad manbaiga ega bo‘ldi degani. bugungi olib borilayotgan islohotlarning bosh maqsadi ham odamlarimizni munosib ish o‘rni va shunga yarasha ish haqi bilan ta’minlashdan iborat, – deydi ochilish marosimida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov.

Loyiha qiymati 78,3 milliard so‘m bo‘lgan korxona, ta’sischilarning 38 milliard so‘m mablag‘i hamda Mikrokreditbankning 3,7 million dollar krediti hisobiga tashkil etildi. Yillik yog‘ ishlab chiqarish quvvati 15 ming tonnani tashkil etib, qayta ishlangan chigitdan, shuningdek, kungaboqar va boshqa moyli ekinlardan rafinadlangan yog‘, kunjara va shuluxa mahsulotlari ishlab chiqariladi. Bir yilda korxonada 225 milliard so‘mlik yog‘ ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan. Korxona ish boshlashi bilan uch smenada 280 ta doimiy ish o‘rni yaratildi.
M.Sulaymonov, O‘zA