Yangi ijtimoiy sug‘urta tizimi: aholi himoyasi va ish beruvchilar uchun qulayliklar
Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Xalqaro mehnat tashkiloti hamkorligida “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi qonunni joriy etish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar hamda sohaning mutaxassislari ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, joriy yildan boshlab davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Yangi tizim aholining ijtimoiy himoya qamrovini kengaytiradi, ish beruvchilar zimmasidagi moliyaviy yukni kamaytiradi va rasmiy bandlikni rag‘batlantiradi. Shu bilan birga, homiladorlik va tug‘ish hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari davlat tomonidan moliyalashtirilishi belgilandi.

– Yangi ijtimoiy sug‘urta tizimi aholining hayotiy himoya qamrovini sezilarli darajada oshiradi, – deydi Ijtimoiy to‘lovlar boshqarmasi bosh mutaxassisi Dilshodxon Muhammedjonova. – Bu nafaqat byudjet tashkilotlari va xususiy sektorda ishlovchi fuqarolar uchun qo‘llab-quvvatlashni ta’minlaydi, balki tadbirkorlar uchun moliyaviy yukni kamaytiradi va rasmiy bandlikni rag‘batlantiradi. Tizimning bosqichma-bosqich joriy etilishi uning uzoq muddatli barqarorligini ta’minlaydi.

Ijtimoiy sug‘urta tizimi – aholi turmushi va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlovchi asosiy mexanizmlardan biri hisoblanadi. U nafaqat shaxslarning homiladorlik, kasallik va vaqtincha mehnatga layoqatsizlik kabi holatlarda moddiy qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlaydi, balki ish beruvchilar uchun moliyaviy yukni kamaytirib, rasmiy bandlikni rag‘batlantiradi. Shu bois, davlat tomonidan ijtimoiy sug‘urta sohasiga e’tibor qaratilgan tadbirlar aholi hayotini yaxshilash va mamlakatning ijtimoiy barqarorligini ta’minlashda strategik ahamiyatga ega.
Davra suhbatida yangi tizimning sifatli ijrosini ta’minlash, Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi orqali nafaqalarni adolatli va proaktiv ravishda to‘lash hamda barqaror moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA