Yangi davrning ulkan va benazir imkoniyatlari
Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida madaniyat va san’at sohasiga alohida e’tibor qaratilib, uning rivojlanishi va sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilishi hamda milliy madaniyatimizni jahonga tanitish yo‘lida bir qator tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, so‘nggi 9 yilda madaniyat va san’at sohasiga oid O‘zbekiston Respublikasining 4 ta qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 35 ta farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining 98 ta qarori va farmoyishlari qabul qilindi.
Mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor O‘zbekiston Respublikasining “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Shuningdek, soha xodimlari maqomini oshirish maqsadida 15 aprel – Madaniyat va san’at xodimlari kuni etib belgilandi.
Madaniyat vazirligi axborot xizmati taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, madaniyat va san’at sohasiga davlat byudjetidan 2017 yilda 122,8 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, 2026 yilda 1 trillion 282,4 milliard so‘mdan ortiq, ya’ni 10 baravar ko‘p mablag‘ yo‘naltirildi.
Bugungi kunda jami 331,5 milliard so‘mlik 72 ta DXSH bitimlari imzolangan. Jumladan, 2020 yilda madaniyat va san’at muassasalarida davlat-xususiy sheriklik asosida 53,4 milliard so‘mdan ortiq 10 ta, 2021 yilda 36,5 milliard so‘mlik 7 ta, 2025 yilda 92,1 milliard so‘mlik 21 ta bitim imzolangan.
O‘zbekistonning ko‘p yillik tarixini tiklash, milliy an’ana va qadriyatlarimizni yosh avlodga bezavol yetkazish maqsadida O‘zbek milliy maqom san’ati va Respublika Baxshichilik san’ati markazlari hamda uning huzurida Baxshichilik san’atini rivojlantirish jamg‘armasi, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti, hududlarda namunaviy maqom va baxshichilik ansambllari tashkil etildi.

Milliy va jahon madaniyati namunalari bilan aholiga sifatli madaniy xizmat ko‘rsatish maqsadida O‘zbekiston davlat filarmoniyasi, O‘zbekiston Teatr arboblari uyushmasi, Xalqaro festivallar direksiyasi, “Bahor” davlat raqs ansambli faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish bo‘yicha “Sharq musiqasi atamalarining qisqacha izohli lug‘ati” nashrga tayyorlandi. “Maqom asoslari” qo‘lyozmasi, “Xorazm maqomlari”, “Buxoro shashmaqomi”, “O‘zbek maqomlari” kitoblari o‘zbek, rus va ingliz tillarida hamda “Maqom asoslari”, “Bastakorlar ijodi” nomli o‘quv qo‘llanmalari, qolaversa, Komiljon Otaniyozov hayoti va ijodiga bag‘ishlangan 3 ta kitob nashr etildi.

2017 yilgacha vazirlik tasarrufida 333 ta ta’lim muassasasi faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib Madaniyat vazirligi tasarrufida ushbu ko‘rsatkich 382 tani tashkil etmoqda. Xususan, Toshkent shahrida Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti, Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati instituti kabi qator yangi oliy ta’lim muassasalari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularning soni 6 taga ko‘paydi va 4 tadan 10 taga yetdi. Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi etib qayta tashkil qilindi va uning Urganch filiali hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti, O‘zbekiston davlat konservatoriyasining Nukus filiallari tashkil etildi.
Raqs, maqom, opera va baxshichilik san’ati yo‘nalishida o‘rta maxsus ta’lim muassasalari 23 tadan 29 taga yetdi. Jumladan, Urganch, Buxoro, Farg‘ona shahrida maqom san’atiga, Termiz shahrida baxshichilik san’atiga, Nukus shahrida opera san’atiga, Urganch, Qarshi, Buxoro shaharida raqs san’atiga ixtisoslashtirilgan maktab internatlari tashkil etildi. Hududlarda bolalar musiqa va san’at maktablari soni 21 taga ko‘payib, 305 tadan 326 taga, ilmiy tadqiqot muassasalari va malaka oshirish markazi 2 taga ortib, 1 tadan 3 taga yetdi.

2017 yilda madaniyat va san’at yo‘nalishida tahsil olayotgan o‘quvchi-talabalar qamrovi 80,7 ming nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 – 2026 o‘quv yilida 110 ming 245 nafarni tashkil qilib, yillik qamrov 29 ming 545 taga (36,6 %) ko‘paytirildi. O‘quvchi-talabalarning xalqaro va respublika tanlovlaridagi yillik o‘rtacha ishtiroki 1700 tadan 5376 taga ko‘paygan.
Respublikadagi barcha 326 ta bolalar musiqa va san’at maktabida “Maqom alifbosi” hamda 29 ta ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktabida “Maqom san’ati tarixi” o‘quv fani kiritildi. O‘zbek milliy maqom san’ati markazi huzuridagi Marg‘ilon shahar musiqali maqom teatri hamda Shahrisabz shahrida “Maqom muzeyi” tashkil etildi.
Bolalar musiqa va san’at maktablarining direktor va direktor o‘rinbosarlari oylik maoshlari 50 foizga, o‘qituvchi-konsertmeysterlarning oylik maoshlari esa 25 foizga oshirildi. 95 ta bolalar musiqa va san’at maktabida baxshichilik san’ati yo‘nalishi o‘qitilishi yo‘lga qo‘yilib, 1278 nafar iqtidorli yosh qamrab olindi. 40 ta madaniyat markazida baxshichilik to‘garaklari tashkil etilib, ushbu to‘garaklarga jami 408 nafar havaskorlar qamrab olindi.

Respublikamizda 2017-yilga qadar teatrlar soni 37 ta bo‘lgan bo‘lsa, hozirda 41 taga yetdi. 2015 – 2016-yillarda 3 ta teatr rekonstruksiya qilingan bo‘lsa, 2016 – 2023 yillarda 11 ta teatr mukammal ta’mirlandi va qayta jihozlandi. Davlat teatrlari tomonidan 2017 yilda mahalliy gastrollar 15 ta, xorijiy gastrollar 7 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilda 92 ta xorijiy va 362 ta mahalliy gastrol safarlari amalga oshirildi.

2017 yilga qadar teatrlar repertuarida tarixiy asarlar soni 35 tani tashkil etgan bo‘lsa, hozirgi kunda 55 tadan ortiq. Teatrlarga tomoshabinlar tashrifi yillik rejaning 70 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2018 – 2022 yillar davomida yillik tashriflar 4 millionga yaqinlashib, 96 foizgacha yetkazildi.
Yillik yangi sahnalashtiriladigan spektakllar soni 110 tadan 179 taga yetkazildi. Shuningdek, teatrlarning ilmiy salohiyati va nufuzi ortgani inobatga olinib, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat musiqali teatriga akademik, O‘zbekiston davlat qo‘g‘irchoq teatriga milliy hamda Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatriga akademik maqomi berildi.
2016 – 2023 yillarda bir qator teatrlar yangidan tashkil etildi va mavjudlarining sifatli va to‘laqonli faoliyat olib borishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi. Jumladan, Navoiy va Namangan viloyatlarida qo‘g‘irchoq teatrlari faoliyati yangidan yo‘lga qo‘yildi. Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatri, Jizzax viloyati qo‘g‘irchoq teatri binolari yangidan qurildi. Jizzax, Sirdaryo viloyatlari musiqali drama teatrlari binolarida rekonstruksiya, O‘zbek Milliy qo‘g‘irchoq teatri, Qoraqalpoq davlat qo‘g‘irchoq teatri, “Diydor” yoshlar eksperimental teatr-studiyasida mukammal ta’mirlash va jihozlash ishlari olib borildi.

Milliy opera va balet san’atida “ustoz-shogird” an’analarini rivojlantirish maqsadida 12 nafar malakali ijodkor – O‘zbekiston xalq artistlari va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlarning “mahorat maktablari” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatriga 2 yil muddatga bosh dirijyor sifatida xorijdan mashhur va iste’dodli mutaxassis jalb etildi. Shuningdek, teatr jamoasi xorijiy gastrol safarlarini tashkil etishning 2022 – 2026-yillarga mo‘ljallangan rejasi tasdiqlanib, bugungi kunda Ozarbayjon Respublikasining Boku, Koreya Respublikasining Tegu, Pusan, Kochang va Pxyontxek, Fransiyaning Parij, Germaniyaning Dortmund hamda Xitoyning Pekin shaharlariga gastrol safarlari amalga oshirildi.
2022 – 2026-yillarda milliy, jahon opera va balet asarlarini sahnalashtirish bo‘yicha alohida reja tasdiqlanib, bugungi kunda 6,6 milliard so‘m mablag‘ hisobidan “Alisher Navoiy”, “Maskarad bali” operalari, “Jaloliddin Manguberdi” baleti sahnalashtirildi.
Har yili “Yosh vokal ijrochilari”, “Yosh balet ijrochilari” va “Dirijyor, rejissyor va baletmeysterlar” respublika ko‘rik-tanlovlari o‘tkazilishi belgilandi va o‘tkazilmoqda. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida “Opera va balet san’ati” xalqaro festivali o‘tkazildi.

Bugungi kunda Madaniyat vazirligi tasarrufida 838 ta madaniyat markazi faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ulardagi to‘garaklar soni 2017 yilda 1258 tani tashkil etgan, 2023 yilga kelib esa 3749 taga yetazildi. Bundan tashqari, madaniyat markazlarida 2017-yilgacha namunaviy xalq jamoalari soni 375 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilga kelib mazkur jamoalar soni 201 taga ko‘payib, 576 taga yetdi. Madaniyat markazlari 2023 yilda 5 nomdagi 6780 dona o‘quv-uslubiy qo‘llanma hamda 8 turdagi 8670 dona musiqa cholg‘usi bilan ta’minlandi.
2016 – 2025 yillarda 8 ta nomoddiy madaniy meros ob’ekti YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi. Navro‘z va Palov madaniyati va an’analari (2016-yil), atlas va adras to‘qish (2017-yil), “Xorazm raqsi – lazgi” (2019-yil), Baxshichilik san’ati (2021 yil), Miniatyura san’ati (2022 yil), “Rubob yasash va ijrochilik an’analari” (2024), “Qo‘biz yasash va ijrochilik san’ati” hamda “Qora uy” o‘tovlarni barpo etishga oid an’anaviy bilim va ko‘nikmalar (2025) nomoddiy madaniy meros ob’ektlari shular jumlasidan.

2020 yildan boshlab konsert va madaniyat saroylarida to‘liq jonli ijro asosida o‘tkaziladigan konsert-tomosha tadbirlari uchun ijara to‘lovi 50 foizga kamaytirildi. 2021 yildan boshlab respublika, viloyat va tuman (shahar) miqyosida o‘tkaziladigan davlat tadbirlarining kalendar rejalarini tasdiqlash amaliyoti joriy etildi.
San’atkorlarni vazirlik va idoralarning kasb bayramlariga, yubiley va korporativlarga jamoatchilik asosida jalb qilish kabi “majburiy mehnat”ning ushbu holatlariga chek qo‘yilib, bunday tadbirlarga faqat shartnoma asosida jalb qilish mumkinligi belgilab qo‘yildi.
Madaniyat va san’at yo‘nalishida 2017-yilga qadar 10 ta tanlov tashkil etilgan bo‘lsa, 2022 yilga kelib tanlovlar soni deyarli 2 barobar oshdi va ularning soni 24 tani tashkil etdi. Undagi ishtirokchilar soni esa 38 ming nafardan 62 ming nafarga ortdi.
Yurtimiz madaniyati va san’atini keng targ‘ib etish, asrlar davomida shakllangan san’at turlarini saqlab qolish va uni kelajak avlodlarga meros qilib qoldirish maqsadida bir qator yo‘nalishlarda xalqaro darajadagi tadbirlarni o‘tkazish tizimi joriy etildi. Xususan, Xalqaro baxshichilik san’ati festivali, Xalqaro maqom san’ati anjumani, “Lazgi” xalqaro raqs festivali, Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali, Xalqaro hunarmandchilik festivali kabi bir qancha festival va anjumanlar tashkil etildi. Chekka tuman (shahar) va ovullarida istiqomat qiluvchi aholi vakillariga sifatli madaniy xizmat ko‘rsatish maqsadida “Madaniyat karvoni” tadbirlari uchun mo‘ljallangan, tegishli musiqa texnikasi va sahnaga ega, Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan 2 dona maxsus avtotransport vositasi xarid qilindi.

O‘zbekiston Respublikasining madaniyat va san’at sohasidagi xorijiy davlatlar bilan hamkorligi so‘nggi 5 yil davomida yangi bosqichga ko‘tarildi. Mamlakatimizning madaniy diplomatiyasi yuksaldi. Jumladan, O‘zbekistonning 29 ta xorijiy davlatda madaniyat kunlari, shuningdek, 12 ga yaqin xorijiy davlatning O‘zbekistonda madaniyat kunlari o‘tkazildi.
O‘zbek san’atini dunyo bo‘ylab targ‘ib etish maqsadida Korea, Qatar, Qozog‘iston, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Ozarbayjon, Turkiya kabi dalatlarda yurtimizni targ‘ib etuvchi shaxslarga “O‘zbekiston madaniyati elchisi” maqomi berildi.

Yaratib berilgan keng imkoniyatlar sababli “O‘zbekkonsert” DM tomonidan ijodkorlar uchun 3 901 ta litsenziya taqdim etilib, 7 yil oldingiga nisbatan 5 barobarga ko‘paygan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning olis hududlarida maxsus avtotransport bilan “Madaniyat karvoni” shaklida konsert-tomosha tadbiri hamda o‘zarolik tamoyili asosida hududlarning “Madaniyat kunlari” tadbirlarini har yili o‘tkazish an’ana tusiga kirdi.

O‘zbekiston davlat filarmoniyasi tarkibidagi badiiy jamoalar va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan oliy ta’lim muassasasi va umumta’lim maktabida lektoriy-konsertlari o‘tkazish boshlandi. 2024 yildan boshlab 14 ta hududning belgilangan 17 ta manzilida “Ko‘cha san’ati va musiqasi”, taniqli mahalliy va xalqaro ijodkorlar ishtirokida “Yulduz bilan sayohat” loyihasi yo‘lga qo‘yildi.
Har yili Samarqand, Buxoro, Xiva, Qo‘qon, Zomin, Xonobod, Boysun kabi bir qator tumanlarda madaniyat va san’at, musiqa va raqs yo‘nalishlarida 10 ga yaqin yirik xalqaro festival, anjuman va boshqa madaniy tadbirlarni o‘tkazish boshlandi.

Sohada faoliyat ko‘rsatuvchi 82 nafar yoshlar davlat mukofotlari bilan taqdirlandi, sohada tahsil oluvchi 45 nafar yoshlar davlat stipendiyalarini qo‘lga kiritdi. Iqtidorli yoshlarning xalqaro tanlovlardagi ishtiroki sezilarli darajada o‘zgardi. Xususan, 215 nafar yosh AQSH, Italiya, Fransiya, Germaniya, Chexiya, Latviya, Ispaniya, Rossiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston kabi davlatlarda o‘tkazilgan nufuzli tanlovlarda ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
Bular shunchaki raqam va statistika emas, balki mustaqillik, yangi O‘zbekistonda kechayotgan tub ijobiy o‘zgarishlar natijasida erishilgan yutuqlardir. Zero, har bir raqam ortida minglab ijodiy, ezgu g‘oyalar, tashabbuslar, yangi va hur fikrlar mujassam.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri