Yana keldim bag‘ringga, ey tog‘!
Odamzotning har bir qadami saboti bilan sobit, umri umidi ila uzun. Binobarin, dunyoi dunda g‘am inson qavmiga nechog‘li soya solmasin, kishi kimgadir dardini aytgisi, “yorilgisi” keladi. Bu mo‘ysafid dunyoda shikasta dillarga darmon bo‘ladigan, kerak bo‘lsa, dardni “yutadigan” Allohning bir ne’mati bor...
Tog‘lar! Ne-ne zotlar qismatini yelkasiga yuklab, olis-olis safarga chiqqan, bu yo‘lda necha bor qoqinib-surinsa-da, umid nigohini ezgulik atalmish nurli manzilga tikkan shukuhli va shonli karvon. Fayziyob olamning mukarramligi, muazzamligi, ustuvorligi tajassumi.

Yurtimiz tog‘larida ko‘hna Buxoro va Afrosiyob, Chag‘oniyon va Kesh, Nasaf va Tangiharam, Shosh va Turkiston atalmish o‘lkalarning Amir Temur, To‘maris, Jaloliddin Manguberdi, Alpomish singari bahodirlari nazari tushgan, izlari qolgan.
Zamindagi Somon yo‘li monand yoyilgan, iymon-u diyonat, halol-u savob sarhadi misol chizilgan bunday purviqor manzillar, ehtimol, o‘shal diyorlarning tosh qotgan armonidir?! Shuning uchundir, bu toshlarga to‘shalgan qor ko‘zning oqidan ham okroq...

Ko‘nglimiz qordek oq emasligi uchun ham, olam va osmonning tuprokdan unib-o‘sgan ustuni bo‘lmish tog‘larga poyi qadamimiz har dam yetmas, shu bois har sabohda ingrarmiz...
Devqomat toshlarga termularkan, shoir Salim Ashur shunday yozgan:
Umr daraxtida yaproqdir jismim,
Vujudim portlash-chun tugilgan kurtak.
Anduhlar shamoli to‘zg‘itar ko‘zim...
Tog‘lar esa mangu sobitdir, beshak.
Ko‘karsam qirdagi gulday qay zamon,
Ruhimni qor yanglig‘ chulg‘aydi qayg‘u.
Keturman ajdodlar diyori tomon...
Tog‘lar, toshlar esa dunyoday mangu.
Ijod odami qo‘liga behuda qalam olmaydi. Ba’zan kelbatli tog‘, zabonsiz shoshqin shamol, xayolday erka tongning muloyim tabassumidan ilhomlanib yozadi.
Yaqinda xesh-aqrobalarni yo‘qlab, tog‘lar bilan yelkadosh, bulutlar bilan bo‘ylashgan olis Dehqonobodga bordik. Baxshilar tili bilan aytganda, bu manzillarda har bir faslning huzurbaxsh nafasi bilan ro‘yi zamin yashnab, tabiat g‘unchadek tabassum qiladi.
Subhi sodik lazzati va shu oniy lahzalarda ziyrak tortgan zarrin shu’la osmoni falakni yorishtirib, dilni munavvar etadi. So‘ng oltin rang sochini patila-patila tarab – tovlanib, quyosh jamol ko‘rsatadi. Serviqor, oq qorli tog‘ bag‘ridan entikib, sharqirab pastga enayotgan zilol suvi deysizmi, ko‘z ilg‘amas adiri-yu, jannatmonand bog‘i, suruv-suruv qo‘y-qo‘zisi-yu, jo‘shqin daryodan suv ichgan saxovatli va mehnatkash, halol va oriyatli eli, afsonaviy tabiati-yu, huzurbaxsh havosi bilan ko‘pni lol qilgan bu zamin kishilarni mudom bag‘riga chorlayveradi.

Bahorning lutfi, tarovatini tomosha qilib, giyohni ko‘zimga surtdim. O‘zimcha cho‘ponlar bilan suhbat qurgan bo‘ldim.
– Nasib bo‘lsa, bu yil bahor barakali keladi, yaylovda o‘t mo‘l, mollar semiryapti, – deydi xush kayfiyat bilan xo‘japullastlik Panji cho‘pon. –Bilsangiz, biz, chorvadorlar osmonga qaragan xalqmiz. Doim qor-yomg‘irdan umidvormiz. Turish-turmushimiz shu o‘zgaruvchan tabiatga bog‘liq.
Manglayga kaft qo‘yib, keng adirga qarayman. Isiriq, qo‘zigul isi aralashib ketgan yoqimli hidni faqat shu dashtlarda tuyasiz. Chuchmoma va qizg‘aldoqdan to‘shalgan gilam o‘zgacha kayfiyat beradi kishiga. Bu zaminning qo‘y-qo‘zisi maysa aralash gul bilan oziqlanadi. Shuning uchun ham go‘shti totli. Gulning ming xilini uchratasiz: qizg‘aldoq, qo‘yzira, sariq chuchmoma, bo‘tako‘z, toshbaqagul, binafsha, qo‘zigul, sariq gul, elboha...
Qir-adir ot uyumi dupuri, qo‘y-qo‘zi ma’rovi, qo‘ychibonning “qurey-qurey”siga to‘ladi. Ana, tebranayotgan do‘mbiraning yurakka yaqin sasi quloqqa elas-elas eshitilyapti.

Ohanrabodek o‘ziga tortayotgan “Cho‘pon chertish”ni yaqinroqdan eshitish uchun ovoz kelayotgan tomon yuraman.
– Assalomu alaykum, keling, mehmon! – deydi bolalarga chertishni o‘rgatayotgan baxshi akamiz.
Salom-alikdan keyin tog‘, keng adir, qishloq haqida gurung qizigandan qiziydi. Bir on men dasht tomonlarda toblangan, qo‘llari barkashday oqinga yuzlanaman:
– Diltortar aytimlardan bir chimdim kuylab bersangiz...
Baxshi qora qumg‘onda g‘arg‘ara qilayotgan qaynoq suvdan damlangan achchiq choyni simirib, bir zum o‘ylanib qoladi-da, “sizlarga ustozim Qodir baxshining “Ona” termasidan kuylay”, deydi.

Onajon, qo‘y, sadqa bo‘lay boshingdan,
Gullar yig‘lasa ham sen yig‘lamagin.
Posbon bo‘lay doim ko‘z-u qoshingdan,
Cho‘llar yig‘lasa ham, sen yig‘lamagin.
Sen yig‘lasang, ona tog‘lar bo‘shaydi,
Tosh yurak ham suvday bo‘lib shovshaydi.
Sen yig‘lasang, qora toshlar qaqshaydi,
Toshlar yig‘lasa ham, sen yig‘lamagin.
Do‘mbiraning gumbur sadosi yuraklarga yetib boradi. Baxshi kuylayveradi. Eshitayotganlarning ko‘zida duv-duv yosh...
Terma, dostonlar eshitib, ko‘ngil huzur topdi. Yana mag‘rur va mudom navqiron toqqa qarayman. Hayratim oshadi. Kadim Sharqning tafakkuri monand teran bu maskanlar ko‘zim qorachig‘idek toshdan bino bo‘lgan ersa, ajabmas.
Ko‘p guvohi bo‘lganmiz, osmondan uzilgan, katordan uchgan yulduz ham o‘zini toqqa tashlaydi. Siz ham ko‘rgandirsiz, toshga qadalgan yoki qabrga tikilgan ko‘m-ko‘k tug‘ singari yashil archa novdasi, ko‘m-ko‘k mo‘yi dulbarjin xatiday ko‘ngilga yaqin. Balki, shuning-chun lojuvard osmon, Kumush bibi inju ko‘zyoshidek taftli yulduz, bo‘ron bilan olishib quturgan dengiz, bobomning oppoq soqoli yanglig‘ qorli cho‘qqilar ulug‘vorligidan hayratga tushamiz.
G‘amlar ham chekinar, ketadi g‘ovlar,
Orqangda men bor, deb turganda tog‘lar.
Satrlar quyilib kela boshlaydi…
(Davomi bor)
O‘tkir MIRZO, O‘zA