Yakkabog‘ tumanida odamlar gapiradi, hukumat eshitadi (+video)
Toshkentdan Qarshi shahrigacha bo‘lgan masofa M-39 magistral yo‘li orqali taxminan 400-420 km ni tashkil etadi va odatda bu yo‘l yengil avtomobilda 6-7 soat atrofida bosib o‘tiladi. Poytaxtdan chiqib, Guliston, Jizzax va Samarqand viloyatlari hududlaridan o‘tgach, xalqaro trassadan ajralib, Taxtaqoracha dovoni (yoki Shahrisabz aylanma yo‘li) orqali Qarshi shahriga yetib olsa bo‘ladi.
#Mustaqillikning 35 yilligiga
Men kichik sayohatni Shahrisabz orqali davom ettirishga qaror qildim. Yozning jazirama kunlarida xatoki dovonda ham havo harorati yuqori. Mazkur yo‘lning kattagina qismi Yakkabog‘ tumanidan ham o‘tadi.
Yakkabog‘ - Qashqadaryo viloyatining sharqiy qismida, markazdan 95 kilometr uzoqda joylashgan hudud. U Hisor tog‘ tizmalariga tutashgan va ushbu manzilda tanti, mard, mehnatkash 200 ming nafarga yaqin aholi yashaydi.
Bundan chamasi 10 yil burun kelganimda yo‘l bo‘ylarida tashlandiq, qarovsiz qolgan yerlar ko‘p edi. Bu gal keti uzilmaydigan bog‘lar, ishkomli uzumzorlarni ko‘rib, qishloq xo‘jaligidagi yer islohotlarining samarasi yaqqol ko‘rindi.

Yaqin ikki yil ichida Yakkabog‘ tumani har bir sohada eng ilg‘or hududlardan biriga aylanishi uchun keng ko‘lamli qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirilibdi.
Avtomobillar serqatnov joylaridagi 2 qatorli yo‘llar 4 qatnov etib kengaytirilmoqda. Ikki chekasida piyodalar yo‘lakchalari, quyoshdan quvvat oluvchi tungi yoritgichlar, zamonaviy o‘rindiqlar o‘rnatilib, sayr qiluvchilarga qulayliklar yaratilibdi. Pastqam, tartibsiz uylar o‘rnida bir-biridan chiroyli, shinam binolar qad rostlamoqda.

Hokimiyat binosiga yetib bordik. Tuman hokimi peshvoz chiqdi. Bir-ikki daqiqalik qisqa suhbatimizni hokim qabuliga murojaat bilan kelgan fuqarolar bo‘ldi. Albatta, ularning muammolarini hal qilish muhimroq vazifa. Bugungi kunda barcha hududda vaziyat shunday. Xalq gapiradi, taklif-mulohazalarini bildiradi, kerak bo‘lsa e’tiroz bildiradi. Ijro etuvchi organ butun jamoasi bilan masalalarni hal qilishga kirishadi. Buning uchun endi hokimiyatlarda pul ham, qo‘shimcha resurs ham yetarli.

Yakkabog‘ tumani Xiyobon mahallasida aholi birdamligi, o‘zaro hamjihatlik va hashar an’analari asosida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Mahallada olib borilayotgan ezgu tashabbuslar nafaqat hudud qiyofasini o‘zgartirmoqda, balki aholi uchun yanada qulay va obod yashash muhitini hosil qilgan.
Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Jafar Rahimovning ta’kidlashicha, mahallada yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zamonaviy sport maydonchasi mavjud emas edi. Shu bois saxovatpesha tadbirkor Bahodir O‘rinov o‘zining dehqonchilik uchun foydalanib kelgan yer maydonini mahalla yoshlari manfaati yo‘lida mini futbol maydonchasi qurish uchun ajratibdi.

Ushbu xayrli tashabbus mahalla aholisi tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanib, hashar yo‘li bilan qariyb 200 million so‘m mablag‘ yig‘ildi va ishlar boshlab yuborildi. Bugungi kunda zamonaviy mini futbol maydonchasining qurilish ishlari yakuniy yetay deb qoldi. Mazkur inshoot O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bayrami arafasida tantanali ravishda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, mahalla fuqarolar yig‘inining mavjud binosi zamon talablariga javob bermay qolgani bois, aholi tashabbusi va hashar yo‘li bilan umumiy qiymati qariyb 400 million so‘m bo‘lgan, 6 xonali yangi mahalla binosi qurilmoqda. Yangi binoda fuqarolarga davlat va ijtimoiy xizmatlarni yanada sifatli ko‘rsatish uchun zarur sharoitlar yaratiladi.
Mahalla ahlining hamjihatligi natijasida hududning kirish qismida ham obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, «Xiyobon mahallasiga xush kelibsiz» yozuvi tushirilgan zamonaviy kirish arkasi barpo etilmoqda. Ushbu inshoot mahallaning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shishi bilan birga, hududning o‘ziga xos timsoliga aylanishi kutilmoqda.

Aholi uchun qulay infratuzilmani yaratish maqsadida «Tashabbusli byudjet» loyihasi doirasida mahalladagi 14 kilometr ichki yo‘llar asfaltlashtirildi. Bu esa aholining kundalik harakatlanishi uchun yanada qulay sharoit yaratdi.

Jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida mahalla hududidagi ko‘chalarga 8 ta zamonaviy kuzatuv kamerasi o‘rnatilib, xavfsiz muhitni ta’minlash borasida amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Xiyobon mahallasida tomorqadan samarali foydalanish madaniyati ham keng ommalashmoqda. Xususan, mahallada yashovchi Nizomiddin Sultonov hokim yordamchisining tavsiyasi asosida 60 million so‘m imtiyozli kredit olib, o‘z xonadonida zamonaviy issiqxona tashkil etibdi. Issiqxonada limon, bodring va banan ko‘chatlari parvarishlanmoqda. Bu orqali u o‘z oilasi, jumladan kelinlari va farzandlarining doimiy bandligini ta’minlagan.
Bundan tashqari, Nizomiddin Sultonov xonadonida 500 tupga yaqin turli xil mevali daraxtlar parvarish qilinmoqda. Yetishtirilayotgan mahsulotlar mahalliy bozorlarga yetkazib berilib, oila uchun barqaror daromad manbai yaratilgan.
Xiyobon mahallasida amalga oshirilayotgan bu kabi ezgu ishlar aholi birdamligi, o‘zaro hamjihatlik va tashabbuskorlik yuksak natijalarga erishishning muhim omili ekanini yana bir bor namoyon etmoqda.
Tumanni aylanar ekanmiz, bir ko‘rkam manzaraga ko‘zimiz tushdi. 10.5 gektar maydonni egallagan bog‘da zamonaviy dam olish hududlari, bolalar uchun xavfsiz o‘yin maydonchalari, ochiq sahna, yashil zonalar, sun’iy havzalar va milliy uslubdagi favvora barpo etilyapti. Bundan tashqari savdo majmuasi ham e’tiborimizni tortdi. Avvallari bunday savdo majmualari aksar hollarda katta shaharlarda, poytaxtda qurilar edi. Endilikda yakkabog‘liklar ham Yangi O‘zbekiston islohotlarini yaqindan his qilishayotgani quvonarli xol albatta.

Xullas, Qashqadaryoning chekka hududi Yakkabog‘da bo‘layotgan o‘zgarishlar, aholi uchun yaratilayotgan qulayliklardan bir ham quvondik. Mana shu bosib o‘tilgan 35 yillik mustaqillik yillarida islohotlar eng avvalo inson va uning manfaatlari yo‘lida qurilayotganining bir kichik misoli bu. Bugun ana shunday go‘zal manzarani butun respublikamiz bo‘yicha ko‘rishimiz mumkin.
Sanjar Toshpo‘latov, O‘zA