Xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash yo‘lida
Prezidentimiz tashabbusi barcha mahallalarda xotin-qizlar faoli ish olib bormoqda. Ular ochiq tanlov asosida tajribali, obro‘-e’tiborli, tadbirkor ayollar orasidan tanlab olingan.
“Talqoq” mahalla fuqarolar yig‘ini Navoiy viloyati Karmana tumanidagi namunali mahallalardan biri. Bunda albatta, xotin-qizlar faoli Gulnoza Tog‘ayevaning ham alohida hissasi bor.
Uch farzandning onasi G.Tog‘ayeva 2002-2006 yillarda Navoiy davlat konchilik institutining bakalavriat, 2019-2021 yillarda magistraturani tamomlagan.

Navoiy texnika iqtisodiyot kollejida o‘qituvchilik faoliyati davomida “Eng yaxshi uslubiy majmua” tanlovining mutlaq g‘olibi bo‘lgan. 2022 yil may oyidan boshlab “Talqoq” MFY xotin-qizlar faoli lavozimida ishlab kelmoqda.
– Ishimiz xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni va faolligini oshirish, gender tenglikni ta’minlashdir, – deydi Gulnoza. – Shuningdek, oila va xotin-qizlar muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan oila va xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam ko‘rsatish, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni egallashi uchun zarur sharoitlar yaratish, oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka keng jalb etish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, oiladagi ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash vazifamizdir.

“Talqoq” mahallasida yashovchi aholining 3619 nafarini xotin-qizlar tashkil etib, ularning 911 nafari 30 yoshdan yuqori xotin-qizlardir.
Mahallada “Ayollar daftari”ning 3-bosqichi jarayonida xonadonma-xonadon o‘rganilish jarayonida 68 nafar xotin-qiz ro‘yxatga olingan edi. Xotin-qizlar faolining manzilli ish olib borishi natijasida ularning muammolari bartaraf etildi.

Uyma-uy yurib o‘rganish natijasida xotin-qizlarning sog‘ligida muammolari borligi, ammo davolanishlari uchun iqtisodiy taqchillik bo‘layotgani ma’lum bo‘ldi. Natijada G.Tog‘ayeva sektor rahbari bilan maslahatlashgan holda ehtiyojmand xotin-qizlarning bir guruhiga Hindistonda jigar ko‘chirish amaliyotini o‘tkazish uchun “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘linmasi qoshida tashkil etilgan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan mablag‘ ajratilishiga erishdi. Shuningdek, yoshi ulug‘ xotin-qizlar sanatoriylarga davolanish uchun yuborildi.
– Egizak farzandlarimni davolatishda qiynalib qoldim, – deydi R.Abdurahmonova. – Oilaviy ahvolimni o‘rganishgach, tegishli tartibda yordam berishlarini aytganida, unchalik ishonmagandim. Bu ham navbatdagi va’dalardan biri bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandim. Ammo adashibman. Farzandlarimni davolatishim uchun “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan 20,5 million so‘m yordam puli ajratildi. Ona uchun farzandlari sog‘ligidan-da ulkan boylik yo‘q.

bugungi kunning dolzarb muammolardan biri bu - oilaviy ajrimlardir. Mahalla faollarining hamjihatlikda ish olib borishi natijasida ajrim yoqasida turgan 6 oila Xotin-qizlar bilan ishlash va oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyasi bilan birgalikda yarashtirildi. Shuningdek, xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilik, huquqbuzarlik, o‘z joniga qasd va suiqasd qilish holatlarining oldini olish maqsadida profilaktika inspektori va “Oqila ayollar harakati” jamoatchilik tuzilmasi bilan muntazam ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilishi natijasida oldingi yillarga nisbatan jinoyatchilik soni keskin kamaydi.

Mahallada xotin-qizlar faolining hokim yordamchisi va yoshlar yetakchisi bilan doimiy ravishda hamkorligi o‘rnatilgan. Hokim yordamchisi S.Do‘sboyev va xotin-qizlar faoli G.Tog‘ayeva birgalikda tadbirkorlarga 369 million so‘m kredit olishiga ko‘maklashdi. Natijada 60 ish o‘rinli “Muhayyo tikuv xonasi” ishga tushirilib, mahalladagi 60 nafar ishsiz xotin-qizning bandligi ta’minlandi.
Xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Respublika komissiyasi tomonidan aholi muammolarini o‘rganish va “Ayollar daftari” tizimi samaradorligini oshirishda fidokorona mehnati bilan barchaga namuna ko‘rsatayotgan mas’ullarni munosib rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazilgan “Eng yaxshi xotin-qizlar faoli” ko‘rik tanlovining viloyat bosqichida G.Tog‘ayeva 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Albatta, xalq ishonchini qozonish oson ish emas. Buning uchun tinimsiz mehnat, tashabbuskorlik va mas’uliyat talab etiladi. Xalq ishonchi esa oliy saodatdir.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA