Xorazmda zamonaviy tibbiyotning dolzarb muammolari muhokama etildi
Urganch shahrida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Ma’mun universiteti hamkorligida “Zamonaviy tibbiyotning dolzarb muammolari: nazariya va amaliyot” mavzusida I xalqaro ilmiy-amaliy tibbiyot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli anjumanda mahalliy va xorijiy oliy ta’lim muassasalari, ilmiy markazlar hamda tibbiyot sohasidagi yetakchi mutaxassislar ishtirok etdi. Tadbir doirasida zamonaviy tibbiyotning dolzarb masalalari, innovatsion yondashuvlar, ilmiy izlanishlar natijalari hamda amaliy tajribalar muhokama qilindi.

Anjuman tantanali ochilish marosimi bilan boshlandi. Unda so‘zga chiqqan rasmiylar va mutaxassislar bugungi kunda tibbiyot sohasida olib borilayotgan islohotlar, xalqaro hamkorlikning ahamiyati hamda ilm-fan va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish zarurligini ta’kidlab o‘tdi.

Yalpi majlis va shu’ba yig‘ilishlari davomida turli yo‘nalishlarda – klinik tibbiyot, jarrohlik, pediatriya, jamoat salomatligi, epidemiologiya, raqamli texnologiyalar, regenerativ tibbiyot, biotexnologiya va tibbiy ta’lim sohalariga oid dolzarb mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Ishtirokchilar tomonidan ilgari surilgan ilmiy g‘oyalar va takliflar keng muhokama qilinib, tajriba almashildi.

Anjuman davomida zamonaviy diagnostika va davolash usullari, sun’iy intellektning tibbiyotdagi qo‘llanilishi, immunologiya, genetika hamda innovatsion pedagogik yondashuvlar kabi masalalar alohida e’tibor markazida bo‘ldi.

Ushbu xalqaro anjuman tibbiyot sohasidagi dolzarb muammolarni muhokama qilish, ilmiy salohiyatni oshirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda muhim platforma vazifasini bajaradi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri