Xorazmda fuqarolarning murojaatlari o‘rganilmoqda
Xalqning dardu tashvishini tinglab, ularga yechim topish, fuqarolarni qiynab kelayotgan muammolarni joyida hal qilish bugungi kunda har bir davlat idorasining oldiga qo‘yilgan vazifalardan biri hisoblanadi. Shu maqsadda respublika ishchi guruhining joylarda doimiy ravishda ommaviy sayyor qabullari o‘tkazib kelinmoqda.
Xorazm viloyatida davom etayotgan qabul jarayonlarida sud-huquq tizimiga doir murojaatlari bo‘lgan fuqarolarni Oliy sud mas’ul xodimi M.Tojibayev, viloyat sudi raisi Sh.Kamolov, viloyat ma’muriy sudi raisi J.Sultonova va rais o‘rinbosarlari eshitishmoqda.
Shovot tumanining Turkiston mahallasida tashkil etilgan qabulda jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy masalalar yuzasidan jami 37 nafar fuqaroning murojaati ko‘rib chiqildi. Murojaatlar asosan oilaviy va mulkiy nizolar, jazoni yengillashtirish, sud qarorlarining ijrosi kabi masalalarda bo‘ldi. Shundan kelib chiqib, fuqarolarga sudga da’vo ariza bilan murojaat qilish hamda sud qarorlari ustidan apellyatsiya va kassatsiya shikoyatlarini berish tartibi tushuntirildi.
[gallery-21429]
Murojaatlarning 33 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berilib, 3 ta taftish tartibida shikoyat arizasi va 1 ta iltimosnoma qonuniy ko‘rib chiqish uchun qabul qilindi.
Shuningdek, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan o‘tkazilgan sayyor sud majlislarida 14 nafar mahkum jazoni o‘tashda belgilangan tartib-qoidaga amal qilgani, tuzalish yo‘liga o‘tganligi va boshqa ijobiy harakatlari inobatga olinib, JKning 73-moddasiga asosan sud tomonidan tayinlangan jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi. Oilaviy nizo sababli alohida yashayotgan va nikohdan ajratish haqida sudga murojaat qilgan 2 ta oila bilan tushuntirish ishlari olib borilib, yarashtirildi.
Qabullarda hech bir fuqaroning masalasi e’tibordan chetda qolmadi. Zero, maqsad ham tumanlarda istiqomat qiluvchi aholini ovora qilmasdan, yashash hududlariga borib muloqotlar o‘tkazish va murojaatlarini hal etish bo‘yicha aniq yo‘nalish berishdir.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari