XMT rahbari: O‘zbekiston bilan hamkorlikni yuksak darajada qadrlaymiz
Xalqaro mehnat tashkiloti bosh direktori Jilber F.Ungbo O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan yurtdoshlarimizga tabrik yo‘lladi.
XMT rahbari tabrigida O‘zbekiston xalqi hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevni ushbu qutlug‘ sana bilan samimiy muborakbod etar ekan, mustaqillik yillarida mamlakatda iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, inson qadr-qimmatini yuksaltirish va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilganini ta’kidladi.
Jilber F.Ungbo qayd etishicha, munosib mehnat tamoyilini ilgari surish borasida O‘zbekiston salmoqli ishlarni amalga oshirmoqda. Faol diplomatiya yo‘li bilan mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishi va XMT Ma’muriy kengashida ishtirok etishi mamlakatning xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
XMT bosh direktori O‘zbekiston bilan hamkorlikni yuksak qadrlashini e’tirof etib, so‘nggi yillarda ikki tomonlama munosabat izchil mustahkamlangani, bolalar va majburiy mehnatga qarshi kurashish, bandlikni ta’minlash, mehnat huquqini himoya qilish, ijtimoiy muloqotni rivojlantirish borasida muhim natijalarga erishilganiga urg‘u bergan.
Tabrik so‘ngida Jilber F.Ungbo O‘zbekiston xalqiga tinchlik, hamjihatlik va farovonlik tiladi.
D.Hakimov, O‘zA