Xitoy rahbarining Vashingtonga tashrifi jadvali e’lon qilindi
AQSH Prezidenti Donald Tramp va birinchi xonim Melaniya 24-25-sentabr kunlari Vashingtonda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin va uning rafiqasi Pen Liyuanni kutib oladi. Tashrif 23-sentabr kuni Chin yetakchisining Endryu aviatsiya qo‘nalg‘asiga kelishi bilan boshlanadi. Bu yerda uni Trampning o‘zi kutib oladi.
Dasturga Oq uyda rasmiy marosim, rahbarlar o‘rtasidagi muzokara, ikki yetakchining nutqi bilan davlat kechki ziyofati, shaxsiy choy ichish marosimi va AQSH Milliy arxiviga borish kiritilgan.
Amerika rasmiylari mazkur tashrifni “qiyin muzokara niqobi ostidagi diplomatik qo‘sh uchrashuv” deya ta’riflagan.
Davlat nomidan beriladigan kechki ziyofatga eng yirik texnologiya va moliyaviy kompaniyalar rahbarlari taklif etilgan. Ular orasida “Amazon” asoschisi Jeff Bezos, “Tesla” va “SpaceX” egasi Ilon Mask, “Alphabet» bosh direktori Sundar Pichay, “Dell Technologies” rahbari Maykl Dell, “Nvidia” boshqaruvchisi Jensen Xuang, “OpenAI” sohibi Sem Altman, “Citigroup” yetakchisi Jeyn Freyzer va “Apple” raisi Tim Kuk bor.
Xitoy rahbari Vashingtonga kelishi o‘zaro munosabat doirasidan tashqariga ham ta’sir qiladi, albatta. Masalan, “The National Interest” nashri yozishicha, sammitning asosiy kuzatuvchilari AQSH ittifoqchilari – Yaponiya, Filippin, Avstraliya, Janubiy Koreya va ayniqsa NATO mamlakatlaridir.
– Uchrashuvning strategik ahamiyati ikki tomonlama munosabat uchun nimani anglatishi emas, balki Amerika ittifoqchilariga yuboriladigan signal bilan belgilanadi, – deya ta’kidlaydi nashr. – AQSH va Hind-Tinch okeani mintaqasidagi sheriklar tobora ko‘proq harbiy rejalashtirish, razvedka, logistika va mudofaa ishlab chiqarish tizimini birlashtirmoqda. Demak, Vashington – Pekin kelishuvi umumiy manfaatga zid kelmasligi lozim.
S.Rahimov, O‘zA