Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo sherigi sifatidagi o‘rnini saqlab qolgan
Statistika agentligi O‘zbekistonning 2024 yil yanvar-may oylaridagi tashqi savdo aylanmasiga doir ma’lumotni taqdim etdi.
Qayd etilishicha, hisobot davrida respublika tashqi savdo aylanmasi (TSA) 26,7 mlrd. dollarga yetgan. Bunda eksport hajmi 10,8 mlrd. dollarni, import hajmi esa 15,8 mlrd. dollarni tashkil etgan. O‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda eksport hajmi 1,9 foizga, import hajmi 3,7 foizga oshgan. Tashqi savdo salbiy saldosi esa 5 mlrd. dollarga yetgan.
Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo sherigi sifatidagi o‘rnini saqlab qolgan. Hisobot davrida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 5 mlrd. dollarga yetgan. Bu respublika umumiy tashqi savdo aylanmasi hajmining 18,9 foizini tashkil qiladi. Shuningdek, tashqi savdo aylanmasining salmoqli qismi Rossiya (17,9 foiz), Qozog‘iston (5,9 foiz), Turkiya (4,5 foiz) va Janubiy Koreya (3,4 foiz) bilan qayd etilgan.
2024 yilning yanvar-may oylarida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasida eng yuqori ulushga ega bo‘lgan Top-10 davlat, Xitoy – 5,05 mlrd. dollar, Rossiya – 4,78 mlrd. dollar, Qozog‘iston – 1,58 mlrd. dollar, Turkiya – 1,19 mlrd. dollar, Koreya – 920 mln. dollar, Fransiya – 471 mln. dollar, Turkmaniston – 455 mln. dollar, Germaniya – 426 mln. dollar, AQSH – 386 mln. dollar, Afg‘oniston – 382 mln. dollarni tashkil etdi.
Tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha 20 ta yirik hamkor davlatdan beshta mamlakat – Fransiya, Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Pokiston bilan ijobiy tashqi savdo balansi kuzatilgan. Qolgan 15 ta davlat bilan passiv tashqi savdo balansi saqlanib qolgan.
E’tiborga molik jihati, yanvar-may oylarida o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda, quyidagi davlatlarga eksport hajmi sezilarli darajada ko‘paygan: Rossiyaga (1 mlrd. dollardan 1,35 mlrd. dollarga), Fransiyaga (161 mln. dollardan 319 mln. dollarga), Afg‘onistonga (326 mln. dollardan 372 mln. dollarga), AQSHga (72 mln. dollardan 110 mln. dollarga).
Markaziy Osiyo mamlakatlarining barchasiga mahsulot yetkazib berish qisqargan. Qozog‘istonga (578 mln. dollardan 485 mln. dollarga), Qirg‘izistonga (307 mln. dollardan 195 mln. dollarga), Tojikistonga (233 mln. dollardan 199 mln. dollarga), Turkmanistonga (69 mln. dollardan 48 mln. dollarga).
Shuningdek, eksport hajmi Xitoyga ham 844 mln. dollardan 822 mln. dollargacha qisqargan.
5 oy davomida oltinsiz eksport 5,9 foizga o‘sib, qariyb 6,58 mlrd. dollarni tashkil etgan. Mazkur davrda oltinning umumiy eksportdagi ulushi 38,6 foizni yoki 4,2 mlrd. dollarni tashkil qilgan.
Shuningdek, umumiy eksport tarkibida sanoat mahsulotlarining ulushi 15,8 foizdan 15,9 foizga, kimyoviy vositalarning ulushi 4,3 foizdan 5,6 foizga, mineral yoqilg‘ilarning ulushi 3 foizdan 3,2 foizga, mashinalar hamda transport asbob-uskunalarining ulushi 4,5 foizdan 4,6 foizga oshgan.
O‘z navbatida, oltinning ulushi 40,3 foizdan 38,6 foizga, oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar ulushi 6,3 foizdan 5,8 foizga qisqargan.
Import tarkibida eng katta ulush, mashinalar va transport asbob-uskunalari (37,3 foiz), sanoat tovarlari (15,2 foiz) hamda kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar (12,3 foiz) hisobiga to‘g‘ri kelgan.
Hisobot davrida O‘zbekiston 643 mln. dollarlik gaz import qildi, bu 2023 yilning mos davri bilan taqqoslaganda, 4,2 barobarga ko‘p. O‘z navbatida mazkur davrda gaz eksporti 67,6 foizga yoki 59,9 mln. dollargacha qisqargan.
Shuningdek, 5 oy davomida 73,6 mln. dollarlik ko‘mir import qilingan, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,4 foizga ko‘p.
Yanvar-may oylarida 72,2 mln. dollarlik elektr toki sotib olingan (o‘sish – 21,6 foiz) va 55,4 mln. dollar qiymatidagi elektr energiyasi (o‘sish – 23,2 foiz) eksport qilingan.
Neft va neft mahsulotlarining eksporti qariyb 3,5 barobarga oshib, 228,7 mln. dollarni, importi esa 14,4 foizga ko‘payib, 975 mln. dollarni tashkil qilgan.
Sh.Mamaturopova, O‘zA