Xitoy dengiz o‘rtasida nima quryapti? Filippin xavotirda
Filippin hukumati Janubiy Xitoy dengizidagi bahsli Skarboro marjon rifi atrofida paydo bo‘lgan suzuvchi ob’ekt yuzasidan Xitoyga rasmiy norozilik notasi yubordi. Manila bu inshoot zudlik bilan olib tashlanishi kerakligini ta’kidlamoqda. Filippin rasmiylari fikricha, mazkur inshootning paydo bo‘lishi keyinchalik doimiy qurilishga zamin yaratishi mumkin. Shu bois mamlakat harbiy va xavfsizlik idoralari vaziyatni jiddiy kuzatmoqda.
Filippin tomoni tarqatgan suratlarda suv ustida joylashgan kvadrat shakldagi platforma aks etgan. Majmua markazida antenna o‘rnatilgan, qurilma sahnida bir necha odam ko‘ringan. Rasmiylar hozircha ob’ektning aniq vazifasi haqida xulosa chiqarishga shoshilmayapti. Binobarin, inshoot oddiy dengiz jihozi emasligi haqidagi shubha kuchaymoqda.
Manilaning asosiy xavotiri Xitoy tajribasi bilan bog‘liq. So‘nggi yillarda Pekin Janubiy Xitoy dengizida bir necha sun’iy orol barpo etdi. Ya’ni, ilk bosqichda kichik platforma yoki muvaqqat inshoot sifatida baholangan loyiha keyinchalik harbiy infratuzilmaga aylangan holatlar ham kuzatilgan. Shu bois, filippinlik mutaxassislar hozirgi vaziyatni navbatdagi uzoq muddatli tashabbusning boshlanishi sifatida ko‘ryapti.
Skarboro marjon rifi mintaqaning eng bahsli nuqtalaridan biri hisoblanadi. Yirik xalqaro savdo yo‘liga yaqin joylashgan bu havza boy baliq zaxirasiga ham ega. 2012-yildan buyon rif ustidan amalda Xitoy nazorat o‘rnatgan. Filippin ham muayyan da’vodan voz kechmagan va mazkur manzilni o‘z iqtisodiy manfaati doirasidagi dengiz hududi, deb hisoblaydi.
Xitoy tashqi ishlar vazirligi esa masalaga yondashuvini o‘zgartirmayapti. Rif ustidan “shubhasiz suveren huquqi”ni ta’kidlab keladigan Pekin havzadagi ilmiy tadqiqot va boshqa ko‘rinishdagi faoliyatlarni qonuniy hisoblaydi. Aynan shu qarama-qarshi yondashuv Janubiy Xitoy dengizini Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi eng murakkab geosiyosiy bahslardan biriga aylantirgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA