Xavfsizlikni taʼminlaş çoralari kuçaytirilmoqda
Sovuq kunlar boşlanişi bilan xonadonlarda tabiiy gazdan foydalaniş hajmi ortib, isitiş moslamalari faol işlatila boşlaydi. Bu esa gaz jihozlaridan xavfsiz foydalaniş, tutun yöllarining sozligini taʼminlaş va is gazidan zaharlaniş holatlarining oldini oliş masalasini yanada dolzarb qiladi.
Prezidentimiz taşabbusi bilan aholi hayoti va salomatligini muhofaza qiliş, fuqarolar uçun xavfsiz yaşaş muhitini yaratiş davlat siyosatining muhim yönalişlaridan biri sifatida belgilangan. Bu borada kuz-qiş mavsumini betalafot ötkaziş, favqulodda holatlarning oldini oliş va aholining xavfsizlik madaniyatini oşirişga qaratilgan profilaktik tadbirlar izçil davom ettirilmoqda.
Xususan, Buxoro viloyatining Jondor tumanida gaz taʼminoti hamda Favqulodda vaziyatlar bölimi xodimlari hamkorligida aholi örtasida tuşuntiriş va tarğibot işlari olib borilmoqda.
Navbatdagi tadbir tumanning “Uşot” mahalla fuqarolar yiğinida taşkil etildi. Unda xonadon egalariga tabiiy gazdan foydalanişda belgilangan xavfsizlik qoidalariga qatʼiy amal qiliş, gaz jihozlarining texnik holatini muntazam tekşirib boriş, dudburonlarning sozligini taʼminlaş va ularni öz vaqtida tozalaş zarurligi tuşuntirildi. Şuningdek, qölbola va nostandart gaz uskunalaridan foydalanişning xavfli oqibatlari haqida ogohlantirildi.
Muloqotlar davomida ayrim isteʼmolçilarning xavfsizlik qoidalariga beparvo munosabati turli baxtsiz hodisalarga sabab bölayotgani alohida taʼkidlandi. Zero, gaz bilan boğliq fojialarning aksariyatiga oddiy ehtiyot çoralariga rioya qilmaslik, nosoz jihozlardan foydalaniş va tutun yöllarini öz vaqtida tozalamaslik kabi omillar sabab bölişi mumkin.

Mutaxassislar aholi eʼtiborini yana bir muhim jihatga qaratmoqda: xavfsizlik çoralarini faqat sovuq kunlar boşlanganidan keyin emas, balki mavsumga tayyorgarlik davridayoq köriş zarur. Çunki oldindan aniqlangan va bartaraf etilgan har bir nosozlik inson hayotini asrab qolişda muhim ahamiyatga ega.
Bunday profilaktik tadbirlarning ahamiyati şundaki, ular faqat ogohlantiriş bilan çeklanmay, har bir xonadonda xavfsizlikka masʼuliyat bilan yondaşiş könikmasini şakllantirişga xizmat qiladi. Zero, is gazi hidsiz va rangsiz bölgani bois, uning xavfini öz vaqtida seziş qiyin. Şuning uçun soz ventilyatsiya, töğri işlaydigan dudburon va xavfsizlik talablariga amal qiliş hayotiy zaruratdir.
Ayni yönalişdagi tarğibot-tuşuntiriş işlari viloyatning boşqa hududlarida ham davom ettirilmoqda. Asosiy maqsad — kuz-qiş mavsumini favqulodda holatlarsiz ötkaziş, aholi salomatligi va hayotini işonçli muhofaza qilişdir.
Zarif Komilov, ÖzA muxbiri