Xaridorgir naqshinkor toshlar
Prezidentimiz rahnamoligida sanoat korxonalarini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar bermoqda.
Prezidentimiz rahnamoligida sanoat korxonalarini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar bermoqda.Andijon shahridagi “Golden traverting stone” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati buning yorqin misoli. Bu yerda yangi ishga tushirilgan texnologiya va liniyalar asosida bino devorlarini bezashda foydalaniladigan tosh – travertin va granitga turli shakl va bezak berish ishlari yo‘lga qo‘yilgan.
Korxona mablag‘lari hisobidan xorijdan umumiy qiymati 1 milliard so‘m bo‘lgan lazer va sayqallash uskunalari keltirib o‘rnatilishi natijasida kuniga 500 kvadrat metr hajmdagi jahon standartlari talabiga javob beradigan sifatli mahsulotlar tayyorlanmoqda.
– Mahsulotlarimiz bino devorlari, poydevor va zinapoyalarni bezash hamda haykaltaroshlikda keng qo‘llanilmoqda, – deydi korxona rahbari Muzaffar Mirzajonov. – Xomashyo asosan xorijdan keltirilib, mahsulot ishlab chiqarish jarayoni uch bosqichda amalga oshiriladi. Ya’ni, avval yirik toshlar bo‘laklarga ajratiladi va belgilangan hajmga keltiriladi, so‘ngra sayqal beriladi. Mutaxassislarimizning izlanishlari samarasida xomashyo qoldiqlaridan yo‘laklarga yotqiziladigan bruschatkalar tayyorlash ham yo‘lga qo‘yildi.
Ayni paytda bu yerda mehnat qilayotgan 35 ishchining aksariyati yoshlardir. Ularning samarali ishlashi va ishdan bo‘sh vaqtida mazmunli hordiq chiqarishi uchun barcha sharoit va qulayliklar yaratilgan.