“Xalqimizning oltin fondi”
Mamlakatimizda zamonaviy fikrlaydigan, professional tayyorgarlikka ega yangi avlod kadrlarini tayyorlash, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri.
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan ushbu masalaga alohida e’tibor qaratilayotganligi bu boradagi islohotlarning naqadar muhimligini anglatadi. Xususan, davlatimiz rahbarining 14 fevral kuni yoshlar bilan o‘tkazgan samimiy muloqoti buning yaqqol isboti bo‘ldi.
Prezidentimiz yoshlarni “xalqimizning oltin fondi”, deb atagani bejiz emas. Zero, yoshlari bilimli, iste’dodli va salohiyatli bo‘lgan mamlakatning istiqboli, albatta, yorug‘ bo‘ladi.
Uchrashuvda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston aholisining 60 foizini yoshlar tashkil etadi. Har yili mehnat bozoriga 600 ming nafardan ortiq yigit-qiz kirib kelmoqda. 2030 yilga borib, bu ko‘rsatkich 1 million nafarga yetadi.

Endilikda, Prezidentimiz imzolagan qaror bilan oliy o‘quv yurti bitiruvchilarining bandligini ta’minlash bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun Milliy bankka 100 million dollar yo‘naltirilib, ularning ilg‘or tashabbus va g‘oyalari asosidagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha bank xizmatlari joriy etiladi. Shuningdek, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlashda hokimlar, bank va korxona rahbarlaridan iborat komissiya tuziladi.
Hozirgi vaqtda dunyodagi nufuzli universitetlarda 1 ming 500 dan ziyod talabalarimiz tahsil olayotgani, avvalgi 25 yil ichida davlat hisobidan 800 nafar yigit-qiz xorijga o‘qishga ketgan bo‘lsa, birgina “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali so‘nggi 7 yilda bu ko‘rsatkich qariyb uch barobarga oshib, 2 ming 300 nafar vatandoshimiz shunday imkoniyatga ega bo‘lgani quvonarli, albatta.
Yig‘ilishda chekka hududlarda chet tillariga ixtisoslashgan o‘quv markazlari ochgan malakali yoshlarga 120 million so‘mgacha foizsiz ssuda berilishi, shuningdek, xususiy o‘quv markazlarida xorijiy tillarni o‘rganadigan yoshlarga to‘lovlari “2+6” oy shaklida qoplab berilishi, kambag‘al oilalar farzandi foizsiz ta’lim krediti, qo‘shimcha grant, shartnoma to‘loviga yordam orqali o‘qishga rag‘batlantirilishi bo‘yicha qarorlar imzolangani ma’lum qilindi. Bu barcha yoshlar, ularning ota-onalari uchun quvonchli xabar bo‘ldi. Zero, buning natijasida ko‘plab yigit-qizlarning orzu-istaklari ro‘yobga chiqadi, ular ham tengdoshlari qatori bilim olish, yurt rivojiga o‘z hissasini qo‘shish imkoniga ega bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari yoshlarning takliflarini ma’qullab, ularni har doim qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirayotgan, yoshlarga keng imkoniyatlar yaratilayotgan bir paytda, albatta, biz – ta’lim sohasi vakillari ham islohotlarni qo‘llab-quvvatlash va amalga oshirish yo‘lida astoydil mehnat qilamiz. Xususan, Andijon davlat chet tillari instituti chet tillarini o‘rganish istagidagi yoshlarni yanada kengroq qamrab olish maqsadida Andijon viloyatida “Garvardchilar maktabi”ni tashkil etish tashabbusi bilan chiqmoqda. Ushbu tashabbus orqali viloyatdagi ko‘plab yoshlar xorijiy tillarni o‘rganish hamda kelgusida o‘zlari istagan oliygohlarga o‘qishga kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda yoshlarga, ularning sifatli ta’lim olishiga, kasb-hunar egallashiga ko‘rsatilayotgan e’tibor imkoniyat va salohiyatlarini to‘liq ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi. O‘z navbatida, yigit-qizlarimizning keng bilim, tafakkur va tajribaga ega bo‘lishi O‘zbekistonning iqtisodiy hamda ilmiy salohiyatini yuksaltiradi, jamiyatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqadi.
Ishonch bilan ayta olamanki, yurtboshimiz tashabbusi bilan yoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan barcha islohotlar kelajakda o‘z samarasini beradi. Bizlar esa belgilangan maqsad va vazifalar ijrosini sifatli hamda samarali ta’minlashda yanada faol, tashabbuskor bo‘lishimiz lozim.
Dilshodbek Rustamov,
Andijon davlat chet tillari instituti rektori, professor.
O‘zA