Xalq o‘yinlari orqali avlodlar bog‘landi
Buxoroda ilk bor o‘tkazilgan “Milliy o‘yinlar” festivali xalqimizning asrlar davomida shakllangan boy madaniy merosini namoyon etib, milliy qadriyatlarga bo‘lgan hurmat va ehtiromni yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
“Milliy qadriyatlarga ehtirom ko‘rsatishni oiladan boshlaymiz!” shiori ostida o‘tkazilgan mazkur festival nafaqat turli o‘yin va bellashuvlar maydoni, balki ajdodlardan meros bo‘lib kelayotgan an’analarni qayta jonlantirish, yosh avlod qalbida milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishga qaratilgan katta ma’naviy tashabbus bo‘ldi.
Bugun zamonaviy texnologiyalar, virtual olam ta’siri kuchayib borayotgan bir davrda bolalar va yoshlarni milliy muhit, xalqona qadriyatlar hamda sog‘lom turmush tarziga yaqinlashtirish har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ana shu jihatdan festival milliy o‘yinlarni hayotimizga yanada keng tatbiq etish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Festivalning ochilish marosimida viloyat hokimining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Hafiza Artikova ishtirok etib, milliy o‘yinlarning yoshlar tarbiyasidagi beqiyos ahamiyati haqida so‘z yuritdi. U xalq o‘yinlari nafaqat jismoniy kuch va chaqqonlikni oshirish, balki insonda jamoaviylik, hamjihatlik, hurmat, sabr-toqat va mardlik kabi fazilatlarni shakllantirishini ta’kidladi.

Darhaqiqat, milliy o‘yinlar xalqimizning hayot tarzi, orzu-intilishlari va dunyoqarashini o‘zida aks ettiruvchi noyob ma’naviy merosdir. Ular orqali bolalar nafaqat harakat va musobaqa madaniyatini, balki kattalarga hurmat, jamoa bilan ishlash va milliy an’analarga sadoqat tuyg‘ularini ham o‘rganadi.
–Milliy o‘yinlar oddiy ko‘ngilochar mashg‘ulot emas, – deydi Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili Abira Huseynova. –Ularda xalqimizning tarixi, tafakkuri va hayot falsafasi mujassam. Bunday tadbirlar bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sog‘lom muhitda tarbiyalash va milliy qadriyatlarga hurmat ruhida kamol toptirishda muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, bugungi kunda yosh avlodni turli salbiy ta’sirlardan asrash, ularni real hayotdagi muloqot, harakat va ijodga jalb etish juda muhim. Milliy o‘yinlar esa ana shu vazifani bajarishda samarali vosita bo‘la oladi. Chunki o‘yin orqali bola nafaqat quvonch his qiladi, balki o‘z xalqining madaniyati va qadriyatlarini anglaydi.
Uning ta’kidlashicha, bunday festivallarning muntazam o‘tkazilishi oila, mahalla va jamiyat o‘rtasidagi ma’naviy bog‘liqlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Festival doirasida milliy o‘yinlarning turli yo‘nalishlari bo‘yicha qiziqarli bellashuvlar tashkil etildi. Unda ishtirokchilar chaqqonlik, zehn, epchillik va jamoaviy harakat talab etuvchi xalq o‘yinlarida o‘z mahoratlarini namoyish etdi.
Tadbirdagi jonli muhit, milliy liboslar, qadimiy o‘yinlar va xalqona an’analar Buxoroning boy madaniy salohiyatini yana bir bor namoyon qildi.
Bunday festivallar nafaqat ma’naviy tarbiya vositasi, balki hududning turistik jozibadorligini oshirish, etnik turizmni rivojlantirish va milliy merosni dunyoga tanitishda ham muhim ahamiyatga ega.

Buxoroda o‘tkazilgan ilk “Milliy o‘yinlar” festivali xalq merosini asrash, uni yosh avlodga yetkazish va milliy o‘zlikni anglash tuyg‘usini kuchaytirish yo‘lidagi ezgu tashabbusdir. Chunki millatning qudrati faqat uning iqtisodiy yoki ilmiy salohiyati bilan emas, balki o‘z tarixi, madaniyati va qadriyatlariga bo‘lgan munosabati bilan ham belgilanadi.

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari