Xalq bilan muloqot, adolat va haqiqat maydoni
Poytaxtimizda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan “Kasaba uyushmalari nashrlari transformatsiya sharoitida: konvergensiya sari yo‘l” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi muassisligida chop etilayotgan “Ishonch” gazetasi tashkil topganining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan xalqaro anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oliy Majlis Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, jurnalistika yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlarining professorlari, Kasaba uyushmalari faollari, jurnalistlar, ijodkor yoshlar, xorijlik mehmonlar taklif etildi.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarida matbuotga bo‘lgan munosabat, odamlarning so‘z erkinligini ta’minlash sohasidagi ijobiy o‘zgarishlar media sohasi vakillari zimmasiga ham ulkan mas’uliyat yuklashini ta’kidladi.
Prezidentimizning 2025-yil 17-oktabrda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari faollari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida bir qator hayotbaxsh tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, axborot-kommunikatsiyalari shiddat bilan rivojlanib borayotgan bugungi davrda odamlarga ishonchli ma’lumotlarni o‘z vaqtida, to‘g‘ri yetkazish muhim ekani ta’kidlanib, bu borada sharoit ham, salohiyat ham yetarli ekaniga alohida e’tibor qaratilgan edi.
[gallery-28536]
O‘zbekiston kasaba uyushmalari yangi O‘zbekiston sharoitida, ya’ni dunyoga ochiq, islohotlar, xalqaro jarayonlarga integratsiyalashuv sharoitida faoliyat ko‘rsatmoqda. Uning muassisligida chop etilayotgan “Ishonch” va “Ishonch–Doveriye” gazetalari ham shu yo‘ldan bormoqda.
– Kasaba uyushmalari inson manfaati demakdir, – dedi O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov. – “Ishonch” va “Ishonch–Doveriye” faqat axborot tarqatuvchi nashr emas, balki mehnatkash insonning dardi, huquqi, orzu-intilishlari, jamiyatdagi o‘rnini ifoda etishga hissa qo‘shayotgan minbar, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Xalqaro konferensiyamiz ham bejiz “Kasaba uyushmalari nashrlari transformatsiya sharoitida: konvergensiya sari yo‘l” deb nomlanmagan. Zamon o‘zgarmoqda, auditoriya o‘zgarmoqda, axborot iste’moli shakllari tezkor sur’atlar bilan yangilanmoqda. Endi gazeta faqatgina qog‘ozdagi nashr emas, balki veb-sayt, telegram, YouTube, instagram, foto va videokontent, tezkor raqamli muloqot imkoniyatlari bilan uyg‘unlashgan media muhitning ajralmas qismiga aylanmoqda. Mazkur anjuman ham tajriba almashish, fikrlashish, hamkorlikni kuchaytirish, kelgusi vazifalarni belgilab olishda muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti rahbari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot kotibi Sherzod Asadov istiqlolga erishish arafasida tashkil etilgan ushbu gazeta mustaqillik, erkin va farovon, demokratik davlat barpo etish, odamlarning dardu tashvishlariga yechim topish yo‘lidagi sa’y-harakatlarda o‘ziga xos minbar vazifasini o‘taganini e’tirof etdi.
Yangi O‘zbekistonda kechayotgan tub ijobiy o‘zgarishlarni, mehnat ahlining ovozini xolis, haqqoniy tarzda keng jamoatchilik, hamyurtlarimiz va dunyoga yetkazmoqda. Odamlarni o‘ylantirayotgan masalalar, ularning dardu tashvishlarini teran tahliliy asosda ifodalashda bugungi kunda “Ishonch” va “Ishonch-Doveriye” gazetalarining ahamiyati katta ekani barchamizga yaxshi ma’lum.
“Ishonch” gazetasining ilk soni 1991-yilning 21-mart kuni nashr etilgan. O‘tgan davr mobaynida uning 5 ming 500 dan ortiq soni mushtariylarga yetib bordi. Bu raqamlar ortida uzoq yillik mehnat, tahririyat tajribasi, turli avlod jurnalistlarining izlanishlari, eng muhimi o‘quvchilarning ishonchi mujassam.
Bugun “Ishonch” va “Ishonch–Doveriye” nashrlari mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy hayotini yoritib kelayotgan, mehnat ahli hayoti va uning huquqlari, manfaatlariga doir mavzularni muntazam ko‘tarib chiqayotgan eng faol nashrlar sifatida e’tirof etilmoqda.
Shu kunlarda gazetaning umumiy adadi 37 ming 500 nusxaga yetgani, ijtimoiy tarmoqlardagi jami auditoriyasi esa 250 mingga yaqinlashgani ularning o‘z o‘quvchisi, o‘z kuzatuvchisi, o‘z ta’sir doirasi borligini anglatadi. Ayni paytda bunday ko‘rsatkichlar tahririyat zimmasiga ulkan mas’uliyat ham yuklaydi.
So‘nggi yillarda tahririyat faoliyatida ko‘plab yangiliklar ko‘zga tashlanayotgani diqqatga sazovor. Konvergensiya jarayoni tizimli tus olgani holda tahririyat negizida media markaz tashkil etildi. Ijtimoiy tarmoqlarda sahifalar ishga tushirildi, gazetaning bosma shaklini hududlarda chop etish va tezkor tarqatish yo‘lga qo‘yildi. Har yili gazeta sahifalarida e’lon qilingan eng sara maqolalar asosida kitoblar nashr etish an’anasi shakllandi.
Xalqaro anjumanda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori, senator Abdusaid Ko‘chimov, Milliy teleradiokompaniya raisi Abdurashid Jo‘raboyev, O‘zbekiston jurnalistlari uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Shuhrat Orif, Inson huquqlari milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov, Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Bahrom Abdullayev, Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi Gulruh A’zamova, Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid va boshqalar “Ishonch” va “Ishonch–Doveriye” nashrlarining milliy media makonda tutgan o‘rni va ahamiyati, bugun ommaviy axborot vositalari zimmasidagi mas’uliyat xususida batafsil to‘xtaldi.
– Bugungi kunda ommaviy axborot vositalari uchun konvergensiya masalalari g‘oyat muhim, – dedi Tojikistonning Xatlon viloyati Kasaba uyushmalari kengashining nashri bo‘lmish “Ittifoq” gazetasi bosh muharriri Rahmonali Davlatov. – Darhaqiqat, mazkur konferensiyada bildirilgan fikrlar asosida “Ishonch” va “Ishonch–Doveriye” nashrlarida bu borada o‘rganishga arzigulik katta ijodiy maktab, mukammal tajriba yaratilganiga guvoh bo‘ldik. Undan namuna olsak arziydi.
Xalqaro anjuman davomida O‘zbekistonda media konvergensiya, raqamli tahririyat va media iqtisodiyot, media-konvergensiya sharoitida media mahsulotlarini monetizatsiya qilish modellari, telegram, YouTube, instagram platformalarida media-strategiya, “Ishonch” gazetasi misolida, “Ishonch” va “Ishonch–Doveriye” gazetalari jurnalistlarining zamonaviy axborot manbalari, junalistikada sun’iy intellekt, avtomatlashtirilgan kontent yaratish va RAG tizimining afzalliklari va boshqa ilg‘or yo‘nalishlarda mavzular batafsil muhokama etildi. “Ishonch” va “Ishonch–Doveriye” gazetalarining ish tajribasi batafsil o‘rganildi.
Sohada samarali mehnat qilgan faxriy jurnalistlar, yosh ijodkorlar, gazetaga turli yillarda rahbarlik qilgan bosh muharrirlar, ustoz ijodkorlar O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan taqdirlandi.
Nazokat Usmonova, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA muxbirlari