Volontyorlar har ishda faol va tashabbuskor
Qoraqalpoq davlat Yosh tomoshabinlar teatrida 5 dekabr — Xalqaro volontyorlar kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Matilda Dimovska, Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yoinori Fudjiyama, BMT Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakili Yu.Yu, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri M.Qurbanov so‘zga chiqib, ekologik qiyin sharoitda yashayotgan aholining salomatligini mustahkamlashda hamkorlikdagi loyihalarning ahamiyati, COVID-19 va boshqa kasalliklarning oldini olish va uni davolash, aholi orasida targ‘ibot ishlarini amalga oshirishda tibbiyot xodimlari bilan bir qatorda volontyorlarning ham mehnati alohida ekanligini qayd etdi.
Ta’kidlanganidek, BMT Taraqqiyot Dasturi, Aholishunoslik jamg‘armasi bilan birlagikdagi Yaponiya hukumati moliyalashtirayotgan “Orolbo‘yi hududidagi aholining iqtisodiy, ekologik hamda sog‘liqni saqlash masalalaridagi zaifliklarini bartaraf etish orqali turmush barqarorligini mustahkamlash” Qo‘shma dasturi doirasida Mo‘ynoq, Qo‘ng‘irot, Shumanoy, Qonliko‘l, Xo‘jayli, Nukus, Kegayli, Chimboy, Bo‘zatov, Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarida faoliyat yuritayotgan volontyorlarning soni bugungi kunda 2081 nafarni tashkil etadi. Ular aholi orasida COVID-19, shuningdek nafas olish yo‘llari, yurak-qon tomir, oshqozon-ichak kasalliklarining oldini olish va kasallikdan keyingi holatni davolash, ona-bola salomatligini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli targ‘ibot ishlarini olib bormoqda.
O‘tkazilgan monitoring natijasida joriy yilning yanvar-noyabr oylari oralig‘ida volontyorlar tomonidan joylarda 47924 ta suhbat o‘tkazilib, jami 25905 xonadon qamrab olindi. Kasalliklarning oldini olish bo‘yicha 31242 nafar fuqaroga ma’lumot berildi.
Tadbirda «Eng ko‘p axborot siyosatini yuritgan volontyor», «Faol volontyor-tuman tibbiyot birlashmasi bosh hamshirasi» kabi beshta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, ularga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Bayram tadbiri san’at ustalarining konsert das¬turi bilan davom etdi.
[gallery-4841]
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA