“VIRTUAL QAFAS” DAGI FARYOD: Oilaviy qadriyatlarni raqamli inqirozdan qanday asrab qolamiz?
Insoniyat tarixida aloqa vositalari hech qachon bugungidek mukammal, tezkor va chegarasiz bo‘lmagan edi. Biroq paradoks shundaki, dunyoni bir tugma bilan bog‘lagan texnologiyalar bizni eng yaqin insonlarimizdan — oilamizdan, farzandlarimizdan va o‘zligimizdan ayirib qo‘ymoqda.
Bizning qo‘limizdagi smartfon — bu shunchaki qurilma emas, balki hissiy ehtiyojlarimizni jilovlayotgan, mehr rishtalarini ayovsiz uzayotgan va uyimizni mazmunsiz maskanga aylantirayotgan “ko‘rinmas qamoqxona”dir.
Bugungi oilaning eng og‘riqli manzarasiga boqing: bir xona, bir dasturxon, ammo har bir a’zo o‘z virtual olamiga g‘arq bo‘lgan.
Qachondan beri bir-birimizning ko‘zimizga qarashdan ko‘ra, telefonning sovuq shishasiga tikilish afzal bo‘lib qoldi?
Qachondan beri suhbatdan sukut, ota-onaning jonli o‘gitidan “layk”lar ustun bo‘lib qoldi?
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek: “Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi — ma’naviyatdir”. Afsuski, raqamli qaramlik aynan oilamizning ruhini — ma’naviyatni zaharlamoqda.
Biz farzandlarimizga meros qilib ma’naviy boylik emas, “Wi-Fi” parolini qoldirayotgan bo‘lsak, demak, kelajagimizni xavf ostiga qo‘yyapmiz.
Raqamli qaramlik shunchaki vaqt o‘g‘risi emas, u oilaviy hayotni ich-ichidan kemirayotgan “virtual xiyonat” dir. Ekran er-xotin o‘rtasidagi samimiy dildan suhbatlar o‘rnini egallab oldi.
Bir-biriga yaqin bo‘la turib, ekran ortiga yashirinish — bu munosabatlarning eng qashshoq ko‘rinishi, ya’ni “birgalikdagi yolg‘izlik” dir.
Statistik ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, oilaviy ajrimlarning sezilarli qismiga aynan ijtimoiy tarmoqlarga bog‘lanib qolish, juftiga e’tiborsizlik va virtual dunyodagi soxta hayot sabab bo‘lmoqda. Bu borada Prezidentimizning “Ma’naviyat va ma’rifat ishi — bu soatbay yoki kunbay qilinadigan yumush emas, bu vijdon ishi, vatanparvarlik ishidir”, degan so‘zlari har bir oila sohibi uchun dasturilamal bo‘lishi kerak. Oiladagi ma’naviy muhitni asrash — bu ekrandan nazarni uzib, o‘z yaqinining qalbiga quloq solishdan boshlanadi.
Eng ayanchlisi, ota-onaning smartfoni farzand uchun eng xavfli raqobatchiga aylandi. Bola tarbiyasidagi eng katta inqiroz — ota-onaning jismonan uyda bo‘lsa-da, ruhan virtual olamda izg‘ib yurishidir. Bir tasavvur qiling: murg‘ak bolakay ilk chizgan rasmini hayajon bilan olib kelganda, ota yoki onaning nigohini telefondan uzmay, yuzaki “yaxshi” deb qo‘yishi — bola uchun rad etilish va sevilmaslik bilan barobar. Bunday “hissiy ko‘rlik” kelajakda farzandimizda past o‘z-o‘zini qadrlash hissini va odamlarga nisbatan ishonchsizlikni shakllantiradi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining hisoboti esa faryod chekadi: raqamli qaramlik tufayli har o‘n o‘smirdan biri psixologik inqirozga yuz tutmoqda. Prezidentimizning: “Biz uchun eng katta xavf — bu yoshlarimizning ongini yot g‘oyalar va ma’naviy buzuqliklar egallab olishidir”, degan ogohlantirishi nafaqat tashqi kuchlarga, balki bizning befarqligimiz tufayli telefonlar orqali kirib kelayotgan “virtual bo‘shliq” qa ham tegishlidir.
Qafasni ochish va ma’naviy uyg‘onish vaqti keldi
Raqamli qaramlik — bu shunchaki odatiy muammo emas, balki milliy o‘zligimizga, oilaviy poydevorimizga tahdid solayotgan ma’naviy tanazzuldir. Agar bugun uyg‘onmasak, ertaga farzandlarimiz bizga yuzlanib: “Siz bizga dunyodagi hamma matohni berdingiz, faqatgina mehringizni va e’tiboringizni bermadingiz!” — deya ayblashi muqarrar. Haqiqiy o‘zgarish nazoratni o‘z ixtiyorimizga qaytarishdan boshlanadi.
Bizga “muqaddas zonalar” kerak — oilaviy dasturxon atrofida, farzandlar davrasida telefonlarni nafaqat o‘chirish, balki qalblarni bir-biriga ochish madaniyati zarur. Ko‘z bilan muloqot qilish qonunini qayta tiklashimiz shart. Prezidentimiz ta’kidlaganidek: “Oila — jamiyatning asosiy bo‘g‘ini, agar oila tinch va mustahkam bo‘lsa, jamiyat barqaror bo‘ladi”. Oilani mustahkamlash esa, eng avvalo, uni virtual zanjirlardan xalos etishdan boshlanadi.
Unutmaylik, eng muhim “aloqa” — bu internet tezligi yoki “Wi-Fi” sifati bilan emas, balki insoniy mehr, samimiy suhbat va qalbdan-qalbga uzatiladigan hayotiy rishta bilan o‘lchanadi. Bugun harakat qiling, telefoningizni chetga qo‘ying va farzandingizning nigohiga boqing. Chunki haqiqiy hayot — ekran ortida emas, Sizni sevadigan insonlarning ko‘zlarida mujassam.
Alouddin G‘afforov,O‘zA