Vera Tolpeyevaga Prezident sovg‘asi topshirildi
9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Jizzax shahrida istiqomat qiluvchi ikkinchi jahon urushi faxriysi Vera Tolpeyevaga Prezidentimizning esdalik sovg‘alari hamda bir martalik pul mukofoti topshirildi.
Asli ukrainalik Vera Tolpeyeva Ikkinchi jahon urushining ilk kunlaridan asirlikka tushib qoladi va nemis konslagerlarida maxbuslar qatorida yashashga majbur bo‘ladi.
Konslagerdan ozod etilgan yosh Vera urushdan so‘ng O‘zbekistonga jo‘natildi. Hayotning qiyinchiliklari Vera Tolpiyeyevani Jizzax shahrida mamlakat iqtisodiyotiga munosib hissa qo‘shishiga sabab bo‘ldi. Shu yerda oila qurdi, farzandlarini tarbiyaladi. Garchi bugungi kunda xasta bo‘lsada, farzandlarining qaramog‘ida ekanligidan baxtli.
Bugun Jizzax viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i, 4-sektor rahbari Bekzod Toshpo‘latov urush va mehnat faxriysiga 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Prezidentimiz tabrigini o‘qib, unga davlatimiz rahbarining esdalik sovg‘alarini va bir martalik pul mukofotini topshirdi.
Jizzax garnizoni vakillari va faxriyning oila a’zolari ishtirokida o‘tgan tadbirda onaxon singari faxriylar doimo e’zozda ekanligi ta’kidlandi.
[gallery-11772]
Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda viloyatimizda 4 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi va 2 nafar konslagerda asir bo‘lgan nuroniylar istiqomat qilmoqda.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA