Venchur bozorida yangi hamkorliklar yo‘lga qo‘yildi
Toshkent shahridagi venchur moliyalashtirishga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi “UzVC” Milliy venchur fondi tomonidan hamda “UzVC” va “Big Sky Capital” xalqaro venchur fondlari hamkorligida o‘tkazilgan ushbu tadbirda mahalliy va xorijiy investorlar, startap asoschilari va sohaning yetakchi vakillari ishtirok etdi.
Unda so‘z olganlar qayd etganidek, bugungi kunda venchur bozori nafaqat startaplar uchun kapital manbai, balki tajriba, mentorlik va global aloqalarga chiqish imkoniyatini ham taqdim etmoqda. Ayniqsa, sun’iy intellekt, fintex kabi yo‘nalishlarda venchur sarmoyalar keskin o‘sib, iqtisodiyotning yangi drayveriga aylanyapti. Markaziy Osiyoda ham venchur ekotizimi bosqichma-bosqich shakllanib, mintaqaning xalqaro investorlar uchun jozibadorligi ortib bormoqda.

Shunga ko‘ra, ushbu tadbirda bozor ishtirokchilari o‘rtasida samarali muloqot va professional aloqalarni mustahkamlash, venchur bozorining joriy holati, sun’iy intellektning investitsiya jarayonlaridagi o‘rni va startap ekotizimini rivojlantirish masalalari atroflicha tahlil etildi.
Panel muhokamalarida ekspertlar Markaziy Osiyo startap ekotizimining rivojlanish tendensiyalari, investitsiya imkoniyatlari va global bozorlarga chiqish masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, rivojlanayotgan bozorlarni baholash mezonlari va xalqaro investorlar uchun jozibador yo‘nalishlar haqida fikrlar bildirildi.
Tadbir doirasida “UzVC” va “Big Sky Capital” xalqaro venchur fondlari o‘rtasida hamkorlik rasman e’lon qilindi. Unga ko‘ra, tomonlar O‘zbekiston va mintaqadagi yuqori salohiyatli kompaniyalarga birgalikda investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda.
Tadbir yakunida hamkorliklarni yanada kengaytirish bo‘yicha keyingi qadamlar belgilanib, ishtirokchilar o‘rtasida norasmiy muloqot tashkil etildi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA