Vatanparvarlik maktab ostonasidan boshlanadi
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida «Mard, jasur va sadoqatli vatanparvarlarni tarbiyalash maktab ostonasidan boshlanadi!» shiori ostida «Ochiq eshiklar kuni» o‘tkazildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 28 iyundagi “O‘smirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Toshkent shahar Yunusobod, Yashnobod, Sergeli tuman xalq ta’limi bo‘limlari vakillari, professor-o‘qituvchilar, kursantlar va o‘quvchi-yoshlar qatnashdi

«Ochiq eshiklar kuni»dan ko‘zlangan maqsad yoshlarimiz orasida milliy armiyamizdan faxrlanish va unga bo‘lgan ishonch hissini oshirish, ular qalbida vatanparvarlik, xalqparvarlik fazilatlarini yanada yuksaltirish hamda sharafli qutqaruvchilik kasbiga qiziquvchilarni o‘z ishiga sadoqat va matonat bilan yondashish sir-asrorlari bilan tanishtirishdan iboratdir.
Tadbirda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish, yong‘in xavfsizligi qoidalari, saf me’yorlari, birlamchi yong‘in o‘chirish vositalaridan foydalanish bo‘yicha tushunchalar berildi. Ishtirokchilarning yanada qiziqishini uyg‘otgan yong‘in o‘chiruvchi va qutqaruvchining jangovar kiyimini vaqt me’yorlari bo‘yicha kiyish musobaqasi va qiziqarli viktorinalar o‘tkazildi. Shuningdek, FVV yong‘in o‘chirish va qutqaruv texnikalarining ko‘rgazmali namoyishi, yong‘in o‘chirish amaliy sporti bo‘yicha jangovar yoyilish ko‘rgazmali chiqishlari, kursantlarning qo‘l jangi sport turi bo‘yicha chiqishlari namoyish etildi.

– bugungi yoshlarimiz orasida milliy armiyamiz safidan joy egallashga intilish orzusi kuchaygan, –dedi FVV akademiyasi o‘qituvchisi kapitan Farhodjon Xo‘jayev. – Zero, buyuk ajdodimiz Sohibqiron Amir Temur aytganidek, «Kuch bilan birni, aql va mustahkam ruh bilan mingni yengish mumkin». Mana shunday vatanparvarlik ruhini targ‘ib qiluvchi amaliy tadbirlar, o‘z navbatida, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda o‘ziga xos namuna bo‘lmoqda.
Tadbirda Mudofaa vazirligining harbiy orkestri tomonidan Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA