Vatanni chin dildan sevgan shoir
Poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 70-yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti, Yozuvchilar uyushmasi vakillari, ijodkorlar, talabalar qatnashdi.
Tadbir ishtirokchilari dastlab shoir haykali poyiga gullar qo‘ydi.

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori vazifasini bajaruvchi Eldor Shermonov, Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosarlari G‘ayrat Majidov, Botirjon Ergashev xalqimizning atoqli shoiri Muhammad Yusuf ijodi, uning yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, adabiyotimizni ravnaq toptirish borasidagi ibratli ishlari xususida batafsil so‘zladi.
– Xalqchil shoir Muhammad Yusufning tavalludi yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda, – dedi Eldor Shermonov. – Adibning ijodini o‘rganish yuzasidan o‘tgan 5-yil davomida juda ko‘plab ishlar bajarildi. Xususan, TURKSOY tashkiloti boshchiligida xalqaro miqyosda ham shoir tavallud kuni nishonlanayotgani, asarlari 7 ta turkiy tilga tarjima qilingani, Muhammad Yusuf nomidagi zamonaviy ovoz yozish studiyasi tashkil qilingani, Kinematografiya agentligi tomonidan shoir hayoti va ijodiga bag‘ishlangan hujjatli film ishlangani quvonarlidir.
Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan «Muhammad Yusuf» ko‘krak nishoni ta’sis etilgani ham diqqatga sazovordir. Ushbu ko‘krak nishoni nainki o‘zbek ijodkorlariga, balki xorijda Muhammad Yusufning she’rlarini boshqa tillarga tarjima qilib, targ‘ib qilayotgan adiblarga ham topshirildi.

Tadbirda taniqli xonandalar, pedagog va talabalar ijrosida shoirning «Uzr», «Vatanim» kabi she’rlari, «Qora quyosh» dostonidan parchalar o‘qildi. Shoir she’rlariga bastalangan qo‘shiqlar tinglandi.
Darhaqiqat, Muhammad Yusuf she’rlarida Vatanga, xalqqa, millatimizga, umrboqiy an’ana va qadriyatlarimizga cheksiz mehr-muhabbat ustuvor o‘rin egallaydi. Shu sababli ham uning she’rlari xalqimiz, ayniqsa, yoshlar tomonidan sevib o‘qiladi, yod olinadi.
– Muhammad Yusuf tavalludining 70-yilligi mamlakatimizda adabiyot, ma’naviyat bayramiga aylanib ketganiga guvoh bo‘lib turibmiz, – dedi atoqli shoir Salim Ashur. – Shoirning adabiyotda qanday hududi bo‘lsa, Adiblar xiyobonida o‘rnatilgan haykali atrofida ham o‘z hududi bor. Bu hudud uning she’rlari, qo‘shiqlari, ma’naviy qarashlaridan iborat. Har yili kitoblarining nashr etilishi, she’rlarining hamon qo‘shiqqa aylanayotgani bugungi kunda va kelajakda ham uning yozganlari xalqimiz, yoshlarimiz uchun ma’naviy ozuqa bo‘lib kelayotganidan darak beradi.
Tadbirda xalqini, Vatanini yurakdan sevgan, samimiy shoir bilan bog‘liq xotiralar yodga olindi.
N.Usmonova, O‘zA