Vaqtincha sulh: geosiyosiy tanglik ortidagi rejalar (+video)
Yaqin Sharqda e’lon qilingan navbatdagi vaqtincha sulh xalqaro siyosiy kun tartibi markaziga chiqdi. Bir qarashda bu qaror keskinlikni yumshatishga qaratilgandek tuyulsa-da, amalda mintaqadagi yirik kuchlar o‘rtasidagi murakkab geosiyosiy hisob-kitobning bir qismi sifatida baholanmoqda.
So‘nggi voqealar, xususan harbiy faollik va keskin bayonotlar asnosida mazkur sulh ko‘proq vaqtdan yutish vositasi sifatida talqin qilinmoqda.
AQSH, Eron va Isroil ushbu jarayonda o‘z strategik manfaatini mustahkamlashga intilmoqda. Ayrim ekspertlar fikricha, sulh tomonlarga resurslarni qayta safarbar qilish, diplomatiyani kuchaytirish va ichki bosimni yumshatish imkonini beradi. Ayni payt axborot maydonidagi kurash ham kuchayib, har bir tomon o‘z nuqtai nazarini global auditoriyaga yetkazishga harakat qilmoqda.
Shu nuqtai nazardan bu galgi ehtimoliy kelishuv uzoq muddatli tinchlikka olib kelishi shubha ostida qolgan. Agar xavfsizlik, hududiy da’volar va geosiyosiy raqobat kabi asosiy ziddiyatlar bartaraf etilmasa, har qanday sulh faqat qisqa muddatli “nafas rostlash” davri bo‘lib qolishi mumkin. Demak, mintaqada barqaror tinchlikka erishish izchil va ko‘p tomonlama yondashuv talab qiladi.
O‘zA muxbiri ushbu dolzarb mavzu yuzasidan siyosatshunos Sayfiddin Jo‘rayev bilan suhbat qildi. Ekspert ta’kidlashicha, bu sulhni mutlaq tinchlik deb baholashga to‘g‘ri emas, chunki ayni jarayon ko‘proq strategik qayta joylashuvning bir qismi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ya’ni, vaziyatning keyingi rivoji tomonlar siyosiy irodasi va xalqaro vositachilik mexanizmi samaradorligiga bevosita bog‘liq.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Q9HfFStaooI" title="Vaqtinchalik sulh: geosiyosiy tanglik ortidagi yashirin ssenariylar" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Musulmon Ziyo,
Oybek Davronov (video), O‘zA