“UzHack” – global maydonda o‘zbekistonlik yoshlar kuchini namoyon etgan platforma
Hozirgi kunda texnologiya va innovatsiyalar mamlakat rivojining asosiy taraqqiyot omiliga aylangan bir paytda, yoshlarning intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalasiga ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida qaralmoqda. Aynan shu nuqtai nazardan, Latviyada tashkil etilgan “UzHack” xalqaro texnologik xakatoni o‘zbekistonlik yoshlarning xalqaro maydondagi ilk yirik tashabbuslaridan biri sifatida alohida e’tiborga loyiq.
Mazkur xakaton xorijda istiqomat qilayotgan vatandosh yoshlar bilan tizimli ishlash, ularni birlashtirish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim tadbir bo‘ldi.

“UzHack”ning asosiy ahamiyati shundaki, u Boltiqbo‘yi davlatlarida tahsil olayotgan va faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik yoshlarni yagona platformada jamlashga muvaffaq bo‘ldi. Shu ma’noda, “UzHack” kelajakdagi xalqaro hamkorliklar uchun mustahkam poydevor vazifasini o‘taydi.
Tadbir “Vatandoshlar” jamoat fondi va O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etilgani, shuningdek Latviya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangani uning xalqaro miqyosdagi ahamiyatini yanada oshirdi.

Xakaton doirasida ishtirokchilar faqat nazariy g‘oyalar bilan cheklanib qolmay, balki real muammolar asosida ishlab chiqilgan masalalar ustida ishladi. O‘zbekiston Markaziy banki, Raqamli texnologiyalar vazirligi, “Uzinfocom” hamda Milliy bank tomonidan taqdim etilgan topshiriqlar yoshlarning amaliy fikrlashini rivojlantirishga xizmat qildi.

48 soat davom etgan intensiv jarayon ishtirokchilardan nafaqat bilim, balki jamoaviy ishlash, tezkor qaror qabul qilish va kreativ yondashuvni ham talab qildi. Xakatonda 70 nafardan ortiq ishtirokchi 20 ta jamoa tarkibida qatnashib, yuqori darajadagi raqobat muhitini shakllantirdi. G‘olib jamoalarning aniqlanishi nafaqat ularning texnik salohiyati, balki g‘oyalarning dolzarbligi va amaliy qiymati asosida baholanganini ko‘rsatadi.


“UzHack”ning eng muhim jihatlaridan biri, o‘zbekistonlik yoshlarni global innovatsion muhitga moslashtirishga xizmat qilganidadir. Xalqaro xakatonlar bugungi kunda nafaqat yangi texnologiyalar yaratiladigan maydon, balki tajriba almashish va hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish uchun muhim vosita hisoblanadi. Mazkur tadbir orqali yoshlar turli mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar bilan bevosita muloqot qilish, o‘z bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazish hamda xalqaro standartlarga moslashish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA