“UzChess Cup 2026”: Madaminov-Yoqubboyev "jangi"ga guvoh bo‘lamiz
Toshkentda shaxmat bo‘yicha o‘tkazilayotgan “UzChess Cup 2026” xalqaro turniri "aql gimnastikasi" ishqibozlariga shaxmatning o‘ziga xos jozibasini tortiq etmoqda.
Kecha “Masters” guruhida o‘tgan 3-tur o‘yinlarining 4 tasida durang, 1 tasida g‘alaba qayd etildi.
Mahoratli shaxmatchimiz Shamsiddin Vohidov ushbu turda oq donalarda o‘tgan 2 ta turda g‘alaba qozondi. U turnir jadvalida yetakchilik qilayotgan Muhiddin Madaminovni mag‘lubiyatga uchratdi va ochkolari sonini 1,5 taga yetkazib oldi.
3-turning qolgan to‘qnashuvlari - Vidat Gujrati (Hindiston) - Nodirbek Abdusattorov (O‘zbekiston), Nikolas Teodoru (Gretsiya) - Yan Nepomnyashiy (Rossiya), Nodirbek Yoqubboyev (O‘zbekiston) - Neymann Xans Moke (AQSH), Shaxriyor Mamedyarov (Ozarbayjon) - A.Erigaisi (Hindiston) o‘rtasidagi kurashlarda murosa yo‘li tanlandi.

Xalqaro musobaqaning “Challengers” guruhida ortda qolgan 2 ta tur o‘yinlaridan keyin ozarbayjonlik Maxammad Muradli, turkmanistonlik Saparmurat Atabayev va amerikalik Brendon Jeykobson 1,5 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Hamyurtlarimiz Jahongir Vohidov va Muhammadzohid Suyarov 1 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 6-7-o‘rinlarda harakatlanmoqda.

“Futures” guruhida terma jamoamiz a’zosi Humoyun Bekmuratov 2 ta tur yakunlariga ko‘ra, 2 ochko bilan yakka peshqadam bo‘lib turibdi. Uni ta’qib etayotgan 3 nafar shaxmatchi hisobida 1 ochkodan mavjud.
“Open” guruhida 141 nafar shaxmatchi dona surayotgan bo‘lsa, 6 nafar qatnashchi 3 ochko bilan peshqadamlikni davom ettirmoqda.

Bugun, 10-iyun kuni umumiy mukofot jamg‘armasi 121 500 AQSH dollaridan iborat xalqaro turnirning “Masters” guruhida N.Abdusattorov qora donalarda Yan Nepomnyashiy bilan kuch sinashsa, Shamsiddin Vohidov qora donalarda Nikolas Teodoru bilan, Muhiddin Madaminov oq donalarda Nodirbek Yoqubboyev bilan ro‘baro‘ keladi.
Musobaqalar 15-iyungacha davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA